11:48 / 20.10.2018
29253

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri sobiq o‘rinbosari Rustam To‘xtaboyev vafot etdi

2018 yil 20 oktabr kuni tashqi ishlar vaziri sobiq o‘rinbosari Rustam To‘xtaboyev 61 yoshida vafot etdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Rustam To‘xtaboyev 1958 yil 5 avgust kuni Toshkentda tug‘ilgan. 1980 yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan. 1980-1986 yillarda Toshkent davlat universitetida o‘qituvchi, 1986-1996 yillarda Xorijdagi vatandoshlar bilan do‘stlik va madaniy aloqalar jamiyat xodimi, 1996-1997 yillarda prezident devonining davlatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha bosh maslahatchi, 1997-2000 yillarda prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, 2000-2005 yillarda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari - TIV Axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

2005 yildan 2015 yilga qadar tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari - Tashqi siyosiy faoliyat tahlili va strategiyasi bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

R.To‘xtaboyev 2004 yilda "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlangan.

Kun.uz tahririyati marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.

Top