Jahon | 02:41 / 28.10.2018
16190
5 daqiqa o‘qiladi

To‘rt davlat yetakchisi Idlibda uzoq muddatli asosdagi sulh saqlash majburiyatini olishdi

Foto: Anado‘lu agentligi    

Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya, Fransiya, Germaniya va Rossiya yetakchilari ishtirokida Suriya mojarosini tartibga solish masalalariga bag‘ishlangan to‘rt tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Sammit yakunlariga bag‘ishlangan anjumanda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, agar jangarilar provokatsiyani davom ettirsa Rossiya Idlib viloyatida terrorchilarni yo‘q qilish uchun Suriya harbiylariga ko‘mak berish huquqini o‘zida qoldiradi.

Suriyada zo‘ravonlik darajasi sezilarli tarzda kamayganiga qaramasdan, u yerdagi radikal unsurlarni batamom yo‘q qilish muhim vazifa hisoblanadi, dedi Rossiya rahbari. Moskva Idlib viloyatining qurolsizlantirilgan hududidan muxolifat a'zolarini Turkiya imkon qadar tezroq olib chiqib ketishidan umid qilmoqda, dedi Putin.

Rossiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Istanbul uchrashuvi qatnashchilari asosiy masalada yakdil: Suriyada uzoq muddatli tinchlikka faqat siyosiy va diplomatik vositalar bilangina erishish mumkin. Putin bu holda faqatgina suriyaliklarning o‘zi mamlakati kelajagini hal qilishlari lozimligini qayd etib o‘tdi.

Putin hamkasblaridan suriyalik qochqinlar masalasiga bag‘ishlangan xalqaro kontserentsiya o‘tkazish bo‘yicha Rossiya tashabbusini qo‘llab-quvvatlashni so‘radi.

«Biz bu nimalarga bog‘liq ekanligini, muammoning mohiyatini tushunib turibmiz, biroq hamjihatlikda ishlamasak natijaga erisha olmaymiz», — dedi u.

Suriyaga yordam kerak

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Yevropa Ittifoqi suriyalik qochqinlarga yordam berish bo‘ycha o‘z majburiyatlarini bajarishi lozimligini ta'kidladi.

«Suriyalik qochqinlarga sarflangan 33 milliard dollarlik summa bizning ularga yordam berishga tayyorligimiz borasidagi qat'iyatimizni ko‘rsatadi, bizning mamlakatda uch million qochqin bor», — dedi Turkiya yetakchisi sammit yakunlariga ko‘ra. U Yevropa mamlakatlarini Suriyaga ko‘rsatiladigan moliyaviy yordam miqdorini oshirishga chaqirdi.

Erdo‘g‘an shuningdek prezident Bashar Asad va mamlakat taqdirini Suriya xalqining o‘zi hal qilishi kerakligini aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, Turkiya yetakchisi Suriyadagi terrorchilarning Turkiya chegaralari yaqinida yurishiga toqat qilolmasligini qayd etdi. U jangarilarga qarshi kurashlar davom etajagini va'da qildi.

«Suriyadagi ushbu fojyeani tugatish uchun hamma kurashishi kerak. O‘ylaymanki, biz mazkur sammitda buning uchun yaxshi turtki berdik. Bu sa'y-harakatlarni boshqa davlatlar qo‘llab-quvvatlashiga chaqiraman», — dedi Erdo‘g‘an.

Foto: Anado‘lu agentligi

Siyosiy tuzum — xalqning ishi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Suriyadagi siyosiy tuzum Suriya xalqining ishi ekanligi, saylov uchun shart-sharoitlar yaratishda ularga yordam berish kerakligini aytib o‘tdi.

«Mustaqil, biroq xalqaro hamjamiyat bosimi bilan hamjihat bo‘lgan hukumatni olqishlash kerak va men buni qayta-qayta ta'kidlayman», — dedi Makron.

U shuningdek Idlibda harbiy operatsiya o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytib o‘tdi va bunday xatti-harakat qochqinlarning yangi oqimi yuzaga kelishiga sababchi bo‘lishini aytdi.

Bir vaqtning o‘zida Fransiya prezidenti umumiy ustuvor vazifa Suriyada terrorchilikka qarshi kurash ekanligini eslatib o‘tdi. U «urush mamlakatlarimizga hujum qilayotgan va o‘limga sabab bo‘luvchi teraktlar uyushtirayotgan jangarilarga qarshi bo‘layotgani»ni qayd etdi.

Foto: Anado‘lu agentligi

Uzoq muddatli sulh

Germaniya, Fransiya, Turkiya va Rossiya yetakchilari Idlibda uzoq muddatli asosdagi sulh saqlash majburiyatini olishganini GFR kansleri Angela Merkel aytib o‘tdi.

«Galdagi gumanitar falokatlar sodir bo‘lmasligi uchun barcha ishni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlar bor. Turkiya va Rossiya 17 sentabr kuni Idlibda sulhga erishish borasidagi ishni kelishib olishgani yaxshi yangilik bo‘ldi. Biz bugun bu kelishuv metin va uzoq muddatli sulhga aylanishi qo‘limizdan kelgan jamiki ishni qilish majburiyatini o‘z zimmamizga oldik», — dedi Merkel.

Suriyadagi taranglikning yakuniy yechimi BMT shafeligi ostida faqat siyosiy yul bilan hal etilishi kerak, dedi Germaniya kansleri.

«Muhim masalalar bo‘yicha umumiy kommyunikeni ma'qullay olganimiz muammolarni yechishda umumiy iroda mavjudligidan darak beradi», — dedi u.

Mavzuga oid