O‘zbekiston | 10:10 / 30.10.2018
10063
3 daqiqa o‘qiladi

Qalbakilashtirilgan va muddati o‘tgan tovarlar musodara qilinadi

Foto: PestiSrácok

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasiga tuzatishlar kiritildi.  
 
Birinchidan, MJTKning 178-moddasi 7-qismida nazarda tutilgan javobgarlik kengaytirilmoqda, deb yozadi Norma

Quyidagilar uchun ham jarima solinadi:

• iste'molchilarni tovarning iste'molga oid xususiyatlari yoki sifati xususida chalg‘itish;
• tovarni unga o‘xshash mahsulotlar bilan almashtirib qo‘yish;
• mahsulotning xususiyatlari va sifatini qasddan o‘zgartirish;
• qalbakilashtirilgan oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, olib kirish va realizatsiya qilish.
 
Bir vaqtning o‘zida normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat) tufayli iste'molchilarga zarar yetkazish, shuningdek ularga tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib noto‘g‘ri ma'lumotlar taqdim etganlik uchun hozir nazarda tutilgan sanksiya qo‘llanishda davom etadi.  
 
Yuqorida sanab o‘tilgan harakatlar uchun jarima fuqarolardan 3 EKIHdan 7 EKIHgacha va mansabdor shaxslardan 7 EKIHdan 10 EKIHgacha miqdorni tashkil etadi.
 
Ikkinchidan, MJTKning 178-moddasi 7, 8 va 9-qismlaridagi sanksiyalar sirasiga huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilish qo‘shildi. Shu tariqa, jarima bilan bir vaqtning o‘zida tovar – almashtirib qo‘yilgan, qalbakilashtirilgan va yaroqlilik muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan tovar (dori vositalari va tibbiy buyumlar, oziq-ovqat maishiy kimyo tovarlari) musodara qilinadi. Bu ko‘rsatilgan huquqbuzarliklar takroran sodir etilishiga ham taalluqli, ya'ni ular har gal sodir etilganda tovarlar musodara qilinadi.
 
Mazkur toifadagi ishlar ma'muriy sud tomonidan ko‘rib chiqiladi. Musodara qilishni Majburiy ijro byurosining davlat ijrochilari amalga oshiradilar. Biroq muayyan sharoitda sanksiyalardan qutulib qolish mumkin.
 
Agar huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilgan, fuqarolarning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilmagan, sotuvchi (tadbirkorlik sub'yekti yoki uning xodimi) huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e'tiboran 30 kunlik muddatda yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan (masalan, tovarlarni peshtaxtadan olib tashlagan) va yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan (masalan, xaridorlarga pulni qaytargan) bo‘lsa, unga nisbatan ishni yuritish boshlanmaydi, boshlangan ish esa tugatiladi (MJTKning 271-moddasi 11-bandi).
 
Tuzatishlar 24.01.2019 yildan kuchga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid