Miokard infarkti – uning xurujidan qanday himoyalanish mumkin?
KUN.UZ tomonidan “Sog‘lom hayot” loyihasi davom etadi. Oliy toifali shifokor, kardiolog Kamola G‘ulomova bilan miokard infarkti xastaligi, uni keltirib chiqaruvchi omillar va kasallikdan keyingi davr haqida suhbatlashdik.
Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish (tas-ix)
— Miokard infarkti — o‘tkir holat, yurak ishemik kasalligining klinik shakli, to‘liq yoki qisman qon yetishmovchiligi natijasida yurak muskul to‘qimasining (miokard) nekrozi (o‘limi) tufayli yuzaga keladi. Bu butun yurak-qon tomir tizimi faoliyatining buzilishiga olib keladi va bemorning hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Miokard infarktining asosiy va eng ko‘p tarqalgan sababi — yurak mushagini qon bilan va shunga mos ravishda kislorod bilan ta'minlaydigan toj (koronar) arteriyalardagi qon oqimining buzilishi hisoblanadi. Ko‘pincha bunday buzilish arteriyalar aterosklerozining fonida yuzaga keladi va unda tomirlarning devorida aterosklerotik pilakchalar (blyashkalar) paydo bo‘ladi. Ushbu pilakchalar toj arteriyalari bo‘shlig‘ini toraytiradi va tomir devorlarining shikastlanishiga hissa qo‘shadi, bu esa tromb va arterial stenoz shakllanishi uchun qo‘shimcha sharoitlarni yaratadi. Miokrad infarkti ko‘p odamlarning hayotiga zomin bo‘ladi. Shu bois juda tezkorlik bilan harakat qilish kerak,- deydi Kamola G‘ulomova.

Infarkt qayerdan kelib chiqadi?
Ishemik kasallik infarktga aylanishi uchun ba'zan hech qanday qo‘zg‘atuvchi omillar kerak bo‘lmaydi: shunchaki uyqudan uyg‘onib, o‘rindan turishning o‘zi yetarli. Stress yoki noodatiy jismoniy harakatda yurak xuruji xavfi oshadi.
Bu infarkt ekanini qanday bilish mumkin?
Asosiy belgi — ko‘krak qafasidagi kuchli og‘riq, bu ba'zan chap qo‘l, chap yelkada ham kuzatiladi. Og‘riq har xil bo‘ladi: ko‘krak qafasi siqiladi, qiziydi. Og‘riq bilan birga qo‘rquv ham qamrab oladi, inson tinchini yo‘qotadi.
Infarkt turiga qarab farqlanuvchi boshqa belgilar ham mavjud:
• Xuddi astma kasalligida kuzatilgani kabi insonga havo yetishmaydi, nafasni yengillashtiruvchi preparatlardan bemorning ahvoli yaxshilanmaydi;
• Odam zaiflashadi, rangparlashadi, qo‘l va oyoqlari muzlaydi;
• Aritmiya rivojlanadi;
• Qorin og‘riydi, ko‘ngil aynishi kuzatiladi;
• Inson muvozanatini yo‘qotadi, holsizlanadi, insult belgilari paydo bo‘ladi.
Yurak xuruji ro‘y berdimi yoki yo‘q - shifokorlar EKG yordamida aniqlashlari mumkin.
Miokard infarktini davolash usullari
Bemorda miokard infarkti shubha qilinishi mumkin, agarda:
• Ko‘krak orqasida kuchli yonish hissi bilan kechadigan og‘riq sezilsa, 5-10 daqiqadan ko‘proq davom etadi;
• Og‘riq vaqt o‘tishi bilan, tinch holatga o‘tgandan yoki nitroglitserin qabul qilgandan so‘ng tinchimaydi;
• Og‘riq kuchli holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, bosh og‘rig‘i va bosh aylanishi bilan birga keladi.
Agar miokard infarktidan shubha qiladigan bo‘lsangiz, darhol tez yordamga qo‘ng‘iroq qiling va bemorga yordam berishni boshlang. Bemorga dastlabki yordam qancha barvaqt berilsa, yakun shuncha ijobiy bo‘ladi. Yurakka tushadigan yukni kamaytirish kerak, shuning uchun bemorning boshini biroz ko‘tarib yotqizish kerak. Toza havoning kirishini ta'minlash va bemorni tinchlantirishga harakat qilish lozim, tinchlantiruvchi preparatlar bersa bo‘ladi. Agar qo‘l ostida beta-blokator guruhidagi preparatlar mavjud bo‘lsa, bemorga chaynash uchun (aynan chaynash uchun, bo‘lmasa samara bermaydi) 1 dona tabletka berish kerak. Agar bemor bu dori-darmonlarni muntazam qabul qilib kelgan bo‘lsa, unda dori-darmonning navbatdan tashqari dozasini qabul qilishi kerak bo‘ladi. Og‘riqni kamaytirish uchun bemorga analgetik dori berish lozim. Agar yurak to‘xtashi gumon qilinsa (hushdan ketish, nafas olish to‘xtashi, pulsning yo‘qligi va tashqi qo‘zg‘atuvchilarga javob qaytarmaslik) darhol reanimatsiya choralarini (sun'iy nafas berish va yurakni bilvosita massaji) boshlash zarur. Agar bemor hushiga kelmasa, muolajalarni shifokorlar kelguniga qadar davom ettirish kerak.
Miokard infarktining asoratlari
— Miokard infarktining asoratlari har doim organizmning holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Albatta, bu miokardning zararlanish maydoniga bog‘liq. Miokard infarktiga uchragan bemorlarda ko‘pincha yurak ritmining buzilishi rivojlanadi. Miokard nekrozi va chandiq hosil bo‘lishi tufayli yurakning qisqarish qobiliyati pasayadi va natijada yurak yetishmovchiligi rivojlanadi.
Yurakning ko‘p shikastlanishi va katta chandiqlar hosil bo‘lishi natijasida yurak anevrizmi — bemorning hayotiga tahdid soluvchi va tezkor davolashni talab qiluvchi holat paydo bo‘lishi mumkin. Anevrizm nafaqat yurakning faoliyatini yomonlashtiradi, balki qon trombi hosil bo‘lishi ehtimolini oshiradi va uning yorilishi xavfi ham katta bo‘ladi, - deydi shifokor.
Yurak xurujidan qanday himoyalanish mumkin?
Yurak xuruji ko‘proq 50 yoshdan oshgan kishilarda qayd etiladi. Shuningdek, oila a'zolarida yurak xuruji kuzatilgan yosh erkaklar ham xavf guruhidadir.
Bundan tashqari, chekish, spirtli ichimliklar iste'moli, yuqori qon bosimi, ortiqcha vazn, noto‘g‘ri ovqatlanish va kamharakat hayot tarzi ham yurak bilan bog‘liq jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Inson kam harakat qilsa, oxir-oqibat har qanday jismoniy harakat unga ortiqchalik qilishi mumkin.
Genetika, yosh va jins bilan bahslashib bo‘lmaydi, hayot tarzimizni esa o‘zimiz tanlaymiz. Bu profilaktikaning juda zerikarli retsepti bo‘lishi mumkin, lekin boshqalari ish bermaydi!
Qaysi shifokorga murojaat qilish lozim?
Miokard infarktiga o‘xshash alomatlar sezilganda tez yordam chaqiring. Yurak kasalligiga chalingan bemorni davolashni kardiolog olib boradi, u shuningdek, kasallikdan keyin reabilitatsiya va dispanser kuzatuvini amalga oshiradi.
Tavsiya etamiz
Urush tugadi, rahbar bunkerdan chiqdi – hafta dayjesti
Jahon | 18:43 / 29.06.2025
Oshadigan nafaqalar, joriy etilayotgan eskrou tizimi va sog‘liqni saqlash sohasida yangi model – 1 iyuldan nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekiston | 11:14 / 28.06.2025
Kredit olishga taqiq va Freeze xizmati: ularning farqi nima?
Jamiyat | 09:02 / 26.06.2025
Imtihon yaqin: bu yil abituriyentlarni nimalar kutyapti? – eng muhim savollarga rasmiylardan javoblar
O‘zbekiston | 12:11 / 25.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Avstraliya Tuvalu aholisi uchun maxsus iqlim vizasini beradi
Jahon | 22:37 / 29.06.2025
-
Tramp TikTok uchun xaridorlar topganini ma’lum qildi
Jahon | 22:01 / 29.06.2025
-
Eron bir necha oy ichida boyitilgan uranni ishlab chiqarishga qaytishi mumkin - MAGATE rahbari
Jahon | 21:53 / 29.06.2025
-
Blue Origin kapsulasi 6 nafar turist bilan suborbital parvozni amalga oshirdi
Jahon | 21:48 / 29.06.2025
Mavzuga oid

15:37 / 24.06.2025
Shisha butilkalarda plastik butilkaga nisbatan ko‘proq mikroplastmassa borligi aniqlandi

21:49 / 03.06.2025
Olimlar mikroplastik inson vujudiga qanday ta’sir qilishini tushuntirdi

17:23 / 14.05.2025
Jaziramada organizmni qanday himoyalash lozim? – SSV tavsiyalari

18:19 / 01.04.2025