O‘zbekiston | 11:14 / 02.11.2018
3425
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston-YeI» parlament hamkorligi qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi

Foto: parliament.gov.uz

2018 yil 1 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston – Yevropa ittifoqi» parlament hamkorligi qo‘mitasining o‘n to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Unda Yevropa parlamenti deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, mamlakat va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Majlisda tasdiqlangan kun tartibi doirasida Oliy Majlis va Yevropa parlamenti o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama etildi. Bunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni kuchaytirishga, ularning samaradorligini oshirishga, respublikadagi investitsiya muhitini yaxshilashga, mahsulotni bozorlarga chiqarishga va bu bilan bog‘liq texnik hamkorlik jarayonlariga, transport sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga hamda infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga, ekologiya va suv resurslarini boshqarishga, qishloq joylarini va ekologik barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga e'tibor qaratildi.

Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning ayrim jihatlari yuzasidan fikr almashildi. Terrorizmga, uyushgan jinoyatchilikka va narkotrafikka qarshi kurashish, Afg‘onistondagi vaziyat, O‘zbekistonning ushbu mamlakatda tinchlik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari haqida so‘z yuritildi. Yevropa delegatsiyasi Afg‘onistonni iqtisodiy tiklashga qaratilgan O‘zbekiston sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning ildam rivojlanayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Yevropa parlamenti o‘rtasidagi parlamentlararo munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa hamjamiyati hamda unga a'zo davlatlar o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq rivojlanayotgani ta'kidlandi. Parlament darajasidagi siyosiy muloqot ta'sis etilgan Parlament hamkorligi qo‘mitasi doirasida amalga oshirilmoqda. Qo‘mita yuqorida qayd etilgan Bitim 1999 yil 1 iyulda kuchga kirgan vaqtdan e'tiboran faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu Qo‘mita Oliy Majlis va Yevropa parlamenti hamkorligini, shuningdek umuman O‘zbekiston-Yevropa munosabatlarini kuchaytirishning muhim mexanizmi hisoblanadi.

Yevropa parlamenti deputatlariga O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida axborot taqdim etildi. Bugun O‘zbekistonda jamiyatning barcha sohalarini erkinlashtirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish borasida izchil islohotlar o‘tkazilayotgani ta'kidlandi.

Majlisda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, vazmin, o‘zaro samarali va amaliy tashqi siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani alohida ta'kidlandi. O‘zbekistonning Yevropa ittifoqi bilan faol rivojlanayotgan hamkorligi, shu jumladan, parlamentarizm sohasidagi hamkorligi tomonlarning aloqalarni chuqurlashtirishdan, amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan va turli sohalarda tajriba almashishdan o‘zaro manfaatdorligiga asoslanadi.

Mavzuga oid