Jamiyat | 23:55 / 07.11.2018
39105
15 daqiqa o‘qiladi

Majburiy obuna hisobidangina tirik bo‘lib turgan nashrlarning yashashga haqqi bormi?

Majburiy obuna haqidagi o‘tgan safargi maqolaning so‘ngida uning davomini yozish va'da qilingan edi.

Tan olishim kerak, mazkur maqolam bosma matbuot nashrlarida ishlovchi ayrim hamkasblarning juda keskin qarshiligiga duchor bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda, Telegramdagi guruhlarda «talashdi».

«Tavba, shunday bir toifa jurnalistlar borki, matbuotni — bosma nashrlarni nima uchundir ich-ichidan yomon ko‘radi. Bilmadim, kimda qanday alamli o‘ylar bor, ammo, davlatning o‘zi bu borada liberal turgan pallada, hammasini jamoatchilik fikriga havola qilib turganda, matbuotchilar va internetchilarning urushi aka-ukani urishidek gap emasmi?» — deb yoziladi shunday izohlardan birida.

Yo‘q, biz bosma nashrlarni ich-ichimizdan yomon ko‘rmaymiz. Ko‘plab nashrlarga tahririyatning o‘zi ham obuna bo‘lgan. Gap shundaki, mushtariylarimizning biz bilan bog‘lanishi juda oson va biz imkon qadar ularning murojaatlarini bee'tibor qoldirmaslikka harakat qilamiz.

Ayni kunlarda KUN.UZ’ga kelayotgan murojaatlarning salmoqli qismini turli tashkilotlardagi obunaga majburlanayotgan kishilardan olmoqdamiz. Ularning aksariyatini byudjyetdan maosh olayotgan o‘qituvchilar va shifokorlar tashkil etishmoqda. Ular maoshlarining o‘zi istamaydigan nashrlar uchun ushlanib qolishayotganidan norozi! Shu sababli bunday vaziyat yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yayotgan, sabab bo‘layotgan omillarni umumiy baholagan holda yoritmoqdamiz, xolos.

Yangi asr tendensiyasi

Avvalo, shuni anglab yetish kerakki, yozma informatsiyadan vizual informatsiya tobora ustun bo‘lib bormoqda. Yozish — bu bir ma'lumotni kodlashtirish, degani. Uni o‘qiyotgan inson, kodni o‘qib yechishi, mushohada qilishi, tushunishi talab etiladi. Kinoteatrga «Urush va tinchlik» filmini ko‘raman, deb kelgan kishilarga ekranda kino emas, asarning muqaddimasidan boshlab matn taqdim etilsa nima bo‘ladi? Kinoteatrda necha kishi qoladi?

Bosma nashrlar, xususan ko‘pchilik gazetalarning ham qismati baribir shu bo‘ladi, va bu birgina mening fikrim emas. Butun jahonda tendensiya shunga qarab ketmoqda. Reklama hisobidan kun ko‘ruvchi jahonning millionlab tirajda chiquvchi yirik nashrlari reklama bozoridan chetda qolmoqda va sekin-asta yopilmoqda. Matbuotda reklama bozor onlayn nashrlarga ko‘chmoqda.

Jurnallar esa boshqa masala, ularni sifatli silliq qog‘ozda chop etib, informatsiya bilan bir qatorda yuqori sifatli fotosuratlar, kompakt disklar ilova qilib, yanada mazmunan boyitish mumkin. Shu sababli ularga talab hech qachon o‘lmaydi.

Xullas, o‘quvchiga bir axborotni majburlab tiqishtirish zamonlari o‘tdi. Faqatgina mushtariylar ko‘nglidan muqim joy ola bilgan, mushtariylarning xohish-istaklarining inobatga olgan bosma nashrlar yashab qola oladi. Chunki hozir istalgan odam o‘zi istagan axborotni boshqa joydan topib o‘qiy oladi.

Hozir internet saytlarda har ikki imloda bab-baravar informatsiya berish bilan birgalikda videokliplar, fotogalereyalar, multimediyali infografikalar, onlayn so‘rovlar tarzida ma'lumot taqdim etish mumkin. Bu — Internet nashrlarning so‘zsiz ustunligi! Boz ustiga, axborotni xohlagan paytda, xohlagan joyda qayta chaqirib olish mumkin.

Shaxsan men lotincha imloga to‘liq o‘ta olmasdan, depsinib turishimizda gazetalarni ham qisman aybdor deb bilaman. O‘zingiz o‘ylang, 25 yildan buyon maktablarimizda lotincha imlo o‘qitib kelinmoqda. 2010 yildan buyog‘iga lotin imlosiga to‘liq o‘tib bo‘lishimiz kerak edi. Lekin «yoshlarni kitobxon va ma'naviyatli qilish» bosh missiyasi ekanligini da'vo qilayotgan ayrim nashrlarimiz faqatgina «shapka»sini o‘zgartirib, yoshlarga yot bo‘lgan imloda hamon chiqishda davom etayotganini tushunib bo‘lmaydi.

Misol tariqasida, o‘qituvchilarimizning «Ma'rifat» gazetasini olaylik. Maktablarda o‘qituvchilar 25 yildan buyon konspekt va barcha hujjatlarni lotincha imloda to‘ldirib kelishmoqda. Kirillcha imlo ularga allaqachon begona. Gazetasi esa kirill imlosida. Bu nimadan dalolat?! Eng birinchi mana shu gazeta yangi imloga o‘tib, barchaga o‘rnak bo‘lishi kerak emasmidi?!

O‘zi qay biri ustun?

Gazetalarning asosiy kamchiligi — uning o‘quvchilarga yetkazilish uslubida ekanligi ayon bo‘lmoqda. Matnlar ming jimjimador so‘zlar bilan chiroyli yozilmasin, aksar hollarda gazeta o‘quvchiga tahririyatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilmaydi. O‘quvchi uni vositachi yordamida obuna qilishi yoki ko‘chadan sotib olishi kerak. Bu pul sarflanishi bilan birgalikda ortiqcha vaqt ham sarflanishini talab qiladi. Tahririyat va mushtariy o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish yo‘q.

Yana bir jihat — majburiy obunani taqiqlash to‘g‘risidagi fikrlarga qarshi chiqayotganlarning aksariyati davlat hokimiyati idoralari va davlat tashkilotlari muassis bo‘lgan nashrlarda ishlovchi hamkasblardir.

O‘zim ham ko‘p yil xususiy nashrda ishlaganman, gazeta chop etganman, uning mashaqqatlarini sirtdan emas, ichidan bilaman. Xususiy nashrlarda obuna ortidan foyda qilish eng so‘nggi o‘rinlarda turadi. Masalan, biz uchun obunaning foydasidan ham tashvishi ko‘proq edi. Pochtaning aybi bilan gazeta o‘z vaqtida yetib bormasa ham mushtariylar bizga qo‘ng‘iroq qilishardi. Hozir ham xususiy nashrlarda ishlovchi hamkasblarim bu mavzuda biror e'tiroz bildirishmayapti. Ular zamon talabidan kelib chiqib, o‘quvchilarini yo‘qotmaslik maqsadida o‘z nashrlarining onlayn versiyasini ham muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yib olishgan.

Bekobod voqeasi

Yaqinda Bekobod tuman Xalq ta'limi bo‘limi mudiri Hasan Soibnazarov davriy nashrlarga majburiy obuna to‘g‘risida bergan ko‘rsatmasi uchun o‘z lavozimidan ozod etilgani haqida axborot tarqaldi. Hamkasblardan birining raddiyasiga ham Bekoboddagi ana shu voqea sabab bo‘lgan edi. U onlayn nashrlar jurnalistlarining Bekoboddagi voqeani yoritishiga baho berar ekan, «Axir davlat rahbari matbuotga umuman obuna bo‘lmanglar, ey o‘qituvchilar, demagan-ku?! Nega vaziyat qariyb shunday talqin qilinyapti?» — demoqda.

Xalq ta'limi vazirligi tekshiruvidan so‘ng Bekobod tumani maktablarida majburiy obuna uyushtirilib, har qaysi maktab qanchadan obuna bo‘lishi kerakligi haqidagi reja ham tasdiqlangani oshkor bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo‘naltirilgan tarzda qo‘llab-quvvatlashning 2002–2003 yillarga mo‘ljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2002 yil 25 yanvardagi 33-sonli qarorining 5-bandida Qishloq joylarda ishlaydigan o‘qituvchilarning axborot bilan ta'minlanganligini yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi 2002 yil 1 yanvardan boshlab (qishloq joylardagi) umumta'lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining kutubxona fondi o‘ntagacha turdagi gazeta va jurnallarga, asosan respublika ommaviy axborot vositalariga mahalliy byudjyet mablag‘lari hisobiga majburiy obuna qilinishini ta'minlasinlar, deb yozib qo‘yilgan.

Hukumat qarorida majburiy obuna bo‘lish ta'minlasin, deyilgan, lekin u o‘qituvchilarning cho‘ntagidan emas, mahalliy byudjyet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi kerakligi belgilab qo‘yilmoqda.

Demak, Bekobodda ham, boshqa tumanlarda ham mahalliy byudjyet hisobidan maktablarga markaziy nashrlar yetkazilishi kerak. O‘qituvchilar esa o‘z ixtiyori bilan o‘zi sevgan nashrlarga, agar tuman gazetasi shundaylar sirasiga kirsagina obuna bo‘lishlari mumkin. Bundan ortig‘ini talab qilishga yoki uni ma'naviyatsizlikda ayblashga hech kimning haqqi yo‘q!

Onlaynlashishga fursat yetdi

O‘qituvchilar uchun atalgan nashrlarning shundoq ham ko‘pligi ham vaziyatni yanada chigallashtirmoqda. Bitta maktabga yillik obuna qilingan ikki nusxada «Ma'rifat», bir nusxa «Uchitel Uzbekistana» gazetasi yetib ortsa kerak. Respublikada qariyb 10 mingta maktab borligi inobatga olinsa, yaxshigina tiraj hosil bo‘ladi.

Menimcha, turli fanlar bo‘yicha jurnallarning esa keragi yo‘q. Chunki bu gazeta va jurnallarning barisi uslubiy xarakterda. Axborot asrida bu ma'lumotlarning barchasini Internetga o‘tkazish vaqti kelgan, aslida. Nahotki mana shunday tezkor ma'lumotlar tayyorlash va e'lon qilish bilan shug‘ullanuvchi tahrir hay'atini Xalq ta'limi vazirligi ta'minlay olmasa? XTV o‘z o‘qituvchilarini majburiy mehnatdan qutqara oldi, endi o‘zi bosh bo‘lib majburiy obunadan ham qutqarishi kerak.

O‘tgan gal takrorlaganimdek, gazetasi majburiy obunasiz kun ko‘ra olmaydigan tumanlarning, tashkilotlarning, idoralarning gazetalaridan sekin-asta voz kechish kerak. Masalan, tumanda axborot sayti yuritilishi lozim. Tahrir hay'ati esa byudjyetdan maosh olishi kerak. Bu ham axborotning tezkorligini ta'minlaydi, ham tuman hokimligi o‘zi homiy bo‘lib gazetaning bepul tarqatilishidan arzonroqqa tushadi.

E'tibor bering: maqolada ayrim nashrlardan voz kechish kerakligini aytish bilan birgalikda ulardagi hamkasblar qayerdan maosh olishi kerakligini ham taklif o‘laroq ko‘rsatib ketyapman. Axir fikr, informatsiyaning taqdim etishning bexavotir, beg‘alva, tezkor shaklini taklif qilyapman-ku?!

Obuna uyushtirishdagi qallobliklar

Umuman, hamma joyda obuna uchun pul yig‘ishga batamom chek qo‘yilishi kerak. Pul yig‘ish ustida turganlarga chora ko‘rilishi lozim. Obuna bo‘lishni istovchilar o‘zlari borib «O‘zbekiston pochtasi» AJ va «Matbuot tarqatuvchi» AKning joylardagi filiallari orqali o‘zi xohlagan nashrlarga obuna bo‘lishlari kerak. Allaqaysidir «kattakon»ga to‘satdan «zarur» bo‘lib qolsa, o‘sha kvitansiya so‘ralishi lozim.

Chunki pul yig‘ildi degani — o‘z-o‘zidan korrupsiyaga yo‘l ochadi. U pulni kim qayerga sarflagani, qaysi nashrga, necha nusxadan obuna bo‘lishini nazorat qilishning amalda mutlaqo imkoni yo‘q.

O‘zingiz o‘ylang, gap milliardlab mablag‘ haqida bormoqda. Uni odamlardan yig‘ib olib, tahririyatlarga mayda-mayda qilib berib turib, o‘zlari pulni «aylantirib» olishadi. Bu ishda ularga ko‘mak bergan mansabdorlarni ham «quruq» qoldirishmaydi. Obuna ortidan yuz millionlab pullarni yig‘ib, uni o‘z manfaati yo‘lida ishlatib yuboruvchilar ham bor.

Yuqorida ta'kidlanganidek, pul umumiy yig‘ilmasligi lozim. Obuna qilinishi va kvitansiya olinishi kerak. Kerak bo‘lsa, o‘sha «pochta» yoki «matbuot tarqatuvchi»ning sayyor kassalari tashkilotlarga kelib, aylanib, katalog bo‘yicha obuna qilib, kvitansiya berib ketishi kerak. Ana shundagina g‘arib ahvolga tushib qolgan pochta va «matbuot tarqatuvchi»ning ham, tahririyatlarning ham, mushtariylarning ham haqiga hech kim ko‘z olaytira olmaydi.

Hozir ayrim «uchar» xususiy obuna tashkillashtiruvchilar ham chiqqanki, ularning orasida obuna uchun pul yig‘ib, yil davomida birorta nashrni eplab yetkazmasdan, pulni cho‘ntakka urib, orttirilgan mo‘may daromaddan qimmatbaho rusumdagi xorijiy mashina minib, oshxona, kafe ochib, yallo qilib yurganlari ham bor.

Bu holdan albatta o‘zi zo‘rg‘a jon saqlab turgan tahririyatlar ham, mushtariylar ham birdek zarar ko‘rishadi. Chunki bilaman, tahririyatlar ham hozir qarab o‘tirishgani yo‘q, joylarga chiqib, o‘z nashrini baholi qudrat targ‘ib qilib kelishmoqda, obunaning turli yo‘llarini axtarishmoqda, qanaqadir mukofotlar va bonuslar e'lon qilishmoqda. Qaysidir mushtariylarda qiziqish uyg‘onib, obuna uchun pul berilganida — uni kimdir «tuya» qilib ketsa… Bu adolatdanmi?

Obuna targ‘iboti kuchaytirilishi kerak, bunga hech qanday to‘siq yo‘q. Lekin, qaytarib ta'kidlayman, barcha tashkilotlarda majburiy obuna, turli xil jadvallar batamom taqiqlanishi kerak. Davlat nashrlariga obuna uchun mahalliy byudjyetdan pul ajratilishini bilib oldik. Qolgan nashrlarga esa odamlarni majburlashga hech kim izn bermagan.

Eng muhimi — majburiy obunadan to‘liq voz kechish barcha tahririyatlarni izlanishga, yanada ko‘proq ishlashga, yangiliklar qilishga undaydi. Hozirgi holatda ularning aksariyati bir yilga yetarli pulni amal-taqal qilib yig‘ib olib, hech narsani o‘ylamasdan, har hafta kerakli-keraksiz informatsiyalar bilan gazetani to‘ldirib chop etib, u o‘quvchilarga o‘z vaqtida yetib boryaptimi-yo‘qmi, ularga ma'qulmi-yo‘qmi — bunisi bilan qiziqmasdan ishlab kelmoqda.

Buning otini mardi maydon, deydilar. Qaysiki nashr chindan ham o‘quvchilar uchun suyukli bo‘lsagina yashab qolishga haqli. Bunday tahririyatlar majburiy obunaning taqiqlanishidan aslo cho‘chishmaydi. Buning aksini istovchilar esa muhaqqaq majburiy mehnat hamda majburiy obuna tarafdorlari bo‘lishadi. Majburiy obuna hisobidangina tirik bo‘lib turgan nashrning esa menimcha yashashga haqqi yo‘q.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid