Jahon | 19:10 / 08.11.2018
11035
2 daqiqa o‘qiladi

“Tolibon” Moskvadagi uchrashuvda ishtirok etadigan vakillarini ma'lum qildi

Foto: RIA Novosti

“Tolibon” harakati Afg‘oniston bo‘yicha 9 noyabrda Moskvada o‘tadigan uchrashuvda ishtirok etadigan delegatlari ro‘yxatini ma'lum qildi. 

Ma'lum qilinishicha, delegatsiya 5 kishidan iborat bo‘ladi, ular: Hoji Muhammad Abbos Stonikzoy, Mavlaviy Salom Hanafiy, Shayx-ul-Hadis Mavlaviy Shahobiddin Dilovor, Mavlaviy Ziyo-ur-Rahmon Madaniy va Hoji Muhammad Suhayl Shahin.

“Tolibon” uchrashuvda Rossiya taklifi bilan ishtirok etadi.

Ta'kidlanishicha, “Tolibon” uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha o‘zining pozitsiyasini oydinlashtirib olmoqchi va mavjud muammolarning tinchlik yo‘li bilan hal qilinishiga umid qilmoqda. Bundan tashqari, toliblar Kobul delegatsiyasi bilan biror-bir muzokara o‘tkazish niyatidamas. 

Avvalroq maslahatlashuvlarga Afg‘oniston, O‘zbekiston, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston hamda AQSh vakillari taklif qilingani ma'lum qilingandi. “Tolibon” siyosiy ofisi delegatsiyasi ilk bor xalqaro uchrashuvda ishtirok etadi. 

Yopiq formatdagi uchrashuv Moskvadagi “Prezident-otel”da tashqi ishlar vazirlari va maxsus vakillar darajasida o‘tadi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra biror-bir hujjat imzolash rejalashtirilmagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid