23:31 / 12.11.2018
28799

Qulupnaylar ichiga igna yashirishda gumon qilinayotgan ayol 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin

Avstraliyada mahalliy do‘konlarda sotilgan qulupnaylar ichiga tikuv mashinasi ignasini yashirishda gumon qilinayotgan 50 yoshli Mi Ut Trinx qo‘lga olindi. Brisben magistr sudi uning garov puli evaziga qo‘yib yuborishni rad etdi va 22 noyabrda bo‘lib o‘tadigan eshituvgacha uni nazorat ostida qoldirdi, deya xabar beradi ABC.

Viktoriya shtatidagi qulupnay qutisida Trinxning DNKsi aniqlangan. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, gumondor Berrylicious fermasida supervayzer bo‘lib ishlagan. Trinxning advokati ta'kidlashicha, qulupnaylarni qadoqlash ayolning vazifasiga kirmagan.

Ayolga mahsulotlarga qasddan ziyon yetkazish bilan bog‘liq yetti epizod bo‘yicha ayblov qo‘yilgan, zero voqea iqtisodiy yo‘qotishlarni keltirib chiqargan. Gumondorga 10 yilgacha qamoq jazosi belgilanashi mumkin. Tergov ishi hozircha yakunlanmagan.

Sudda qayd etilishicha, Trinx taxminan ish joyidagi vaziyatga qasddan va jahl qilib shunday yo‘l tutgan, deyiladi The Guardian nashrida. CNN ma'lumotlariga ko‘ra, ayol hamkasblari tomonidan yomon munosabatdan shikoyat qilgan va qasos ehtimoli haqida gapirgan.

Avstraliya politsiyasi baholariga ko‘ra, politsiyaga qulupnaylarda igna topilishi bilan bog‘liq 230 shikoyat kelib tushgan. Voqealar 69 mahalliy brendni ham o‘z ichiga oldi.

Bundan avval sentabr oyidan avstraliyaliklar qulupnaylar ichiga yashiringan tikuv mashinasi ignalarini topa boshlashgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek Yangi Zelandiyada ham Avstraliyadan yetkazilgan qulupnay partiyalarida ignalar aniqlangan. OAVda mahalliy aholi o‘rtasida vahima ko‘tarilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

 

Top