O‘zbekiston | 22:56 / 16.11.2018
5151
8 daqiqa o‘qiladi

I Xalqaro turizm sohasidagi investitsion forum: maqsad, ishtirokchilar, loyihalar va kutilayotgan natijalar

19-21 noyabr kunlari Toshkent shahrida Turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsion forumi o‘tkaziladi. Tadbir yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi har bir hududning sayyohlik salohiyatini maksimal darajada kengaytirishga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga doir kelishuvlarga erishish va bu loyihalarni yo‘lga qo‘yish davomida investorlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan. KUN.UZ muxbiri 16 noyabr kuni forum oldidan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida taqdim etilgan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Forum maqsadi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi   Abdulaziz Akkulov xalqaro investitsion forumning maqsadi haqida shunday deydi:

“So‘nggi ikki yil davomida O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish uchun muhim islohotlar amalga oshirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning sohaga oid qator farmon va qarorlari asosida O‘zbekistonning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va ularga zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi va aniq topshiriqlar belgilab berilgan edi. Shular asosida yil oxirida sayyohlik infratuzilmalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusida amalga oshirilish lozim bo‘lgan loyihalarga investorlarni jalb qilish maqsadida I Xalqaro turizm sohasiga investitsiya kiritishga oid forum tashkil etildi. Ushbu tadbirning muhim jihatlaridan biri – 2018 yilning 10 oy davomida O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijliklar soni 2 mln 200 dan 4 mln 400 nafarga, ya'ni ikki baravarga oshdi. Bu raqamlar bizga kelgusida sayyohlik infratuzilmalarini, mehmonxonalar, transport va yo‘l infratuzilmalarini yanada rivojlantirish uchun tegishli sharoitlarni yaratishni talab etadi. Shu maqsadlarni ko‘zlagan holda 19-21 noyabr kunlari investitsiya forumini o‘tkazishni rejalashtirdik”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Forum natijalari bo‘yicha O‘zbekistondagi har bir hududning sayyohlik salohiyatini maksimal darajada kengaytirish  maqsadida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga doir kelishuvlarga erishish va kelgusida investorlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.

Investorlar qulayligi uchun yangi qaror

Turizm sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va qulay sarmoyaviy muhitni yaratish, investorlarning mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan davlat siyosatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, shuningdek davlat tuzilmalarining investorlar bilan ishlashga doir mas'uliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “2018 yilning 19-21 noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan turizm sohasiga oid birinchi Xalqaro investitsion forumni samarali o‘tkazish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 931-sonli  qarori imzolandi. Unga ko‘ra, Forum davrida istisno sifatida investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun yer uchastkalari ajratishga doir alohida tartib o‘rnatilishi belgilab qo‘yildi. Maxsus tartibga ko‘ra, investorga aniq investitsion majburiyatlar asosida, elektron kimoshdi savdosi o‘tkazilmagan holda turistik infratuzilma obekti qurilishi uchun yer uchastkasi ajratiladi. Joylardagi davlat boshqaruv organlari rahbarlari va investorlar o‘rtasida mavjud shart-sharoitlar asosida kelishuvga erishilgan taqdirda, loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi investitsion bitim imzolanadi.

Tashkilotchilar

I Xalqaro turizm sohasidagi investitsion forum tashkilotchilari - Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari, Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi.

Kimlar ishtirok etadi?

Ma'lum qilinishicha, Forumda dunyoning 48 mamlakatidan tashrif buyurgan 300 dan ziyod ishtirokchi, jumladan, investorlar, sayyohlik sohasidagi xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari vakillari, sayyohlik sohasi ekspertlari va mutaxassislari, mamlakatimiz va xorijiy kompaniyalarning rahbarlari ishtirok etishadi. Bugunga kelib AQSh, Xitoy, Koreya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Singapur va Turkiya kabi yirik xorijiy investitsiya kompaniyalari O‘zbekiston Respublikasida turli turdagi infratuzilma obektlarini barpo qilishda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga qiziqish bildirishgan.

Darvoqe, Abdulaziz Akkulovning ma'lum qilishicha, Forumda nafaqat xorijiy investorlar, balki mahalliy sarmoyadorlar ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

“Forumda faqat xorijiy investorlar emas, o‘zimizning mahalliy investorlar ham ro‘yxatdan o‘tishgan. Forum doirasida taqdim etiladigan barcha imtiyozlar ularga nisbatan ham qo‘llaniladi. Ularning forumda faol ishtirok etishlariga va tadbir samaradorligini oshirishga hissa qo‘shishlariga umid qilamiz”, - deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi.

Bundan tashqari, Forumga xorijiy mamlakatlarning 30 dan ortiq ommaviy axborot vositalari vakillari tashrifi kutilmoqda.

Investitsion loyihalar

Turizm sohasiga doir birinchi investitsion forum doirasida O‘zbekistonning barcha hududlaridan 500 dan ziyod investitsiya loyihalari, jumladan, «Chorvoq» erkin turistik zonalari, Samarkand Sity, «Qadimiy Buxoro», Surxondaryo viloyatidagi kichik sayyohlik hududlari, hamda Toshkent shahrining Olmazor Sity va Farg’ona yo’li loyihalari va h.k. Loyihalar orasidan mehmonxona va savdo majmualari, dam olish maskanlari, sog‘liqni saqlash markazlari, tematik parklar, restoranlar, agroturistik maskanlar kabilar e'lon qilingan.

“Forum davomida hududlardan 600 ga yaqin loyihalar taqdim etilgan. Uning 350 dan ortig‘i investorlar e'tibori uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi rasmiy saytlariga joylangan. Bugunga qadar eng faol investorlar sifatida Turkiya, Xitoy, Hindiston va Yevropaning qator mamlakatlari vakillarini qayd etish mumkin”, - deya ma'lum qildi Akkulov.

Forum formati

Tadbirning ilk ikki kuni «O‘zekspomarkaz»da bo‘lib o‘tadi - Forumning ochilish marosimi, turizm sohasida sarmoyaviy loyihalar taqdimotlari, B2B va B2G formatlaridagi uchrashuvlar o‘tkaziladi. Uchinchi kuni esa obektlarga tashrif buyurish ko‘zda tutilgan.

Qanday natijalar kutilmoqda?

Turizm sohasidagi Xalqaro investitsion forum natijalari bo‘yicha investorlar, vazirliklar, idoralar va hokimiyatlar o‘rtasidagi shartnomalar va hamkorlik memorandumlarini imzolash kutilmoqda. Shuningdek mazkur forum hududlardagi mahalliy aholi turmush farovonligini oshirish yo‘lida ham xizmat qilishi ta'kidlandi.

“Forum natijalariga ko‘ra, infratuzilma obektlari bilan bog‘liq loyihalarni tezkor yo‘lga qo‘ygan holda, nafaqat sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish, balki hududlardagi mahalliy aholi vakillarini ish bilan ta'minlab, ularning turmush sifatini yaxshilashga erishish kutilmoqda”, - deydi Abdulaziz Akkulov.

So‘nggi vaqtlarda OAV orqali O‘zbekiston qator xorijiy nashrlarning turizmga oid reytinglarida nufuzli o‘rinlarni egallayotganining guvohi bo‘lyapmiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida turizmni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bugunga kelib aniq natijalar bermoqda. Ushbu reytinglardagi yuqori o‘rinlar turizmni rivojlantirishga doir farmon va qarorlar, jahon turistik bozorida olib borilayotgan targ‘ibot ishlari va mana shunday xalqaro darajadagi tadbirlar natijasidir. Umid qilamizki, O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilayotgan Xalqaro turizm sohasidagi investitsion forum mamlakatimizning bu boradagi nufuzini yanada yaxshilash va oxir-oqibat aholi turmush sifatini oshirish yo‘lida xizmat qiladi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid