Islomiy investitsiya – u nima? Har bir inson investor böla oladimi?
|22:35 / 15.07.202620 49316 min
Özbekistonga islomiy investitsiyalarni olib keliş umidida yurgan insonlar bor. Bunday investitsiya uçun mamlakatda şart-şaroit yaratilayotgani ularni ruhlantirgan. Şu bilan birga, milliardlarni jalb qilişimiz uçun hali qilinişi kerak bölgan işlar bor, deydi ular.
Al-Azhar universiteti doktoranti Mahmud Usmon hamda Qatardagi Lesha Bank investitsion banki katta vitse-prezidenti Habibullo Ibragimov Kun.uz'ga bergan intervyusida islomiy investitsiyalar haqidagi savollarga oddiy tilda javob berişdi.
Mahmud Usmon: Sarmoya va sarmoyaga oid mahsulotlar islom moliyasining eng çiroyli mahsulotlari hisoblanadi. Deylik, masalan, bir odam çet el bankidan, kredit olib keldi. “Men investitsiya olib keldim falon davlatdan” deydi. Yöq, kredit bölsa, investitsiya emas bu. Çunki u kredit, u sizga şartlari bilan berildi, 100% qaytarib oladi. Investitsiya bu – şeriklik, gözal mahsulot.
Özbekistonning içida investitsiya jalb qilsangiz böladi hamda taşqaridan investitsiya jalb qilsangiz böladi. Islomiy banklar özining faoliyatini boşlagandan keyin, taşqaridagi islomiy banklar bilan aloqa örnatib, ularning işonçi qozonilsa, Özbekistondagi bizneslarga pul kiritiş: murobaha şaklidami, muşaraka şaklidami, pul kiritiş böyiça şartnomalarga erişsa böladi. Mana bu taşqaridan kirişi mumkin bölgan bitta investitsiya turi.
Bu böyiça harakatlar bor, urinişlar bor, turli bizneslar tomonidan. Biz özimiz mana Habibulloh aka bilan Qatarda edik, u yoqda harakat qiliş böyiça ba’zi uçraşuvlar böldi.
Ikkinçi yönaliş, bu – Özbekistonning içidagi pullarni investitsiyaga aylantiriş. Ya’ni Özbekistonning içida odamlarning ta’bir joiz bölsa, yostiqlari ostida turgan pullarni. Özbekiston bizneslarining çanqoğini qondira oladigan, Özbekistonning içida köplab pul bor deyişadi mutaxassislar. Öşa pullarni investitsiya sifatida bizneslarga jalb qila olganimizda, katta ğalaba bölardi. Içki investitsiyalar qanaqa tarzda böladi?
Deylik, boy odam, xos investor bölişi ham mumkin. 100 ming, 200 ming, 500 ming dollar, million dollar puli bor odamda. Yoki deylik oddiy öqituvçi, doktor. Oyligidan 20%, 10% özining xarajatlaridan tejab, investitsiya qilişni xohlaşi mumkin. Mana şu pulni olib, birorta bir biznesdan uluş sotib olişi, tuşadigan daromadlarga şerik bölişi, şu biznesning ösişidan, kapitalizatsisi ösişidan manfaatlaşişi mumkin. Kapitalni birga östiriş bu. Bu içki investitsiyaning bir çiroyli körinişi.
Mavzuga oid
Şokir Şaripov: Ya’ni qaysidir ma’noda Ğarb olami aynan investitsiya instituti evaziga rivojlanyapti-da, biz esa hozir töxtab turibmiz, çunki islomiy şakli yöq, çeklovlar bor, men misol uçun istamayman foiz bölayotgan joyga iştirok etişga, siz ham istamaysiz, natijada iqtisodiyot qafas içida turgandek, şunaqami?
Habibullo Ibragimov: Töppa-töğri. Masalan, ikkita narsaga men ulagan bölardim şu narsani. Birinçidan, islomiy moliya. Islomiy moliyada, masalan, taxminlarga köra 10-20 milliard pul bor içkarida (Özbekistonda – tahr.). Katta pul bor odamlarning qölida, hali sistemaga kirib kelmagan. Islomiy moliya oçilişi bilan, şu pullar sistemaga kirib kelgandan keyin, öz-özidan, masalan, banklarning qölida köproq pul paydo bölgandan keyin, bozordagi kredit ajratiş yoki, masalan, moliyalaştiriş stavkalari ham ança tuşadi öz-özidan. 2030-yilgaça, masalan, qayta moliyalaş stavkasini 5% ga tuşiriş rejalaştirilgan.
Islomiy banklarning oçilişi bu narsani yana ham tezlaştirib yuborişi mumkin. Çunki taşqarida hali bank sistemasiga kirib kelmagan pullarni sekin olib kirişga yöl oçib beradi. Ikkinçisi, kapital bozor hali Özbekistonda yaxşi rivojlanmagan. Bu narsa rivojlanişi kerak.
Arab mamlakatlarida investitsion banklar bor. Investitsion banklar kompaniyalarga şeriklikka kirişga yordam beradi, örtada turadi. Biz Qatarda xuddi şu iş bilan şuğullanamiz. Masalan, tez ösayotgan kompaniyani topamiz, örganamiz, strategiyasi bilan tanişib çiqamiz, moliyaviy holatini örganamiz. Şu kompaniya bir neça yil içida biz kutgan moliyaviy natijaga erişişiga közimiz yetadigan bölsa, bir qismini sotib olamiz va investorlarga taklif qilamiz. Hali şu narsa Özbekistonda rivojlanmagan, rivojlantiriladigan bölsa, odamlarda faqat bankka depozit qöyişi emas, qöşimça investitsiya qilişi uçun mahsulotlar ham köp böladi.
Şokir Şaripov: Investitsiya sözi hadislarda yöq, töğrimi? Lekin bu iqtisodiyotning bir muhim unsuri – investitsiya. Men bir iş qilyapman, tijorat qilyapman yoki korxona oçdim yoki startap qilyapman. Siz hissangizni qöşyapsiz, menga işonganingiz uçun. Bu yerda ijtimoiy yaqinlik ham hosil böladi, töğrimi? Işonyapsiz-da menga çunki, şuning uçun investitsiya kirityapsiz. Şu ma’noda, investitsiyaning islomiy jihatdan mohiyatini oçib beraylik. Nimasi bilan u qadrli? Çunki islomda, bilamiz, hamma yaxşi narsalarga ruxsat etilgan, töğrimi? Uning nimasi yaxşi ekanligini oçib berişimiz kerak.
Mahmud Usmon: Ajoyib tomoni, hozir masalan, şu suhbatni ötkazasiz, suhbat tamomlangandan keyin çiqib bir joyda, deylik, keçki ovqat yemoqçi bölasiz. Öşa oşxona uçun siz iste’molçisiz, oşxonaning egasi daromad köradi bundan. Jurnalist sifatida yoki boşqa bir kasb egasi sifatida siz işlaysiz, vaqtingizni pulga almaştirasiz. Keyin haligi pulni olib borib öşa oşxonada yoki boşqa joyda sarflaysiz. Natijada vaqtingiz göyo ovqat yeyişga sarflanyapti, yöq bölib ketyapti. Umringizni şu narsaga sarflagandek bölib qolyapsiz. Öz-özidan “şu oşxonaning 1% iga yoki 0, 1% iga bölsa ham men ega bölsam bölmaydimi”, degan savol savol paydo böladi.
Tasavvur qiling, men oyligimdan oz-oz tejasam-da, şu oşxonaning 0, 1% ini yillar davomida, mayli, sotib olsam. Oxir-oqibat şu oşxonaga kirib ovqatlanayotgan odamlarning xarajatlaridan menga qanaqadir daromad kelib tursa. Şu ma’noda investitsiyaning mohiyati bölgan şeriklikning yaxşi tomoni, u tadbirkor bilan oddiy xalq vakilini va kerak bölsa, uning özining mijozi bölgan xalq vakilini uning şerigiga aylantiradi!
Natijada xalq orasida bölayotgan mana şu siz körib turgan bizneslar, masalan, maşhur supermarketlar bölsin, işlab çiqariş joylari bölsin, xizmat körsatiş joylari bölsin, bular xalqning biznesiga aylanadi.
Oxirgi beş yil içida, ayniqsa, juda keskin ösiş böldi köp bizneslarda. Va bu ösiş oqibatida biznes egalarining hammasida paydo bölgan savol: qayerdan sarmoya topsam böladi, qayerdan investitsiya jalb qilsam böladi? Xorijdan jalb qilişning öziga yaraşa qiyinçiliklari bor. Banklardan olişda ba’zi odamlarda qadriyat bilan boğliq, masalan, tösiqlar bor. Mana şunday holda u qarab özining mijozlaridan öşa pulni olsa böladi. Va mijozlarini özining biznesiga şerik qilsa böladi.
Birinçi ijobiy nuqtasi, odam özining biznesiga özining mijozlarini va xalq vakilini, öqituvçini, doktorni jalb qiladi. Qaysidir ma’noda hamma jamiyat uçun işlayapti, jamiyat uçun bu kasblar ham kerak. Mana şu kasb egalarini özining biznesiga şerik qiladi. Oqibatda ularni ham manfaatlantiradi özining muvaffaqiyatidan.
Ikkinçi nuqta, ularning pullari buning biznesiga kirib kelişi oqibatida bu özi halol va deyarli tugamaydigan investitsiya manbayiga ega böladi. Masalan, siz hozir, deylik, orttirib, tejab, boşqa qilib, deylik, bir yillik, yarim yillik pulingizdan muayyan bitta restoranga investitsiya kiritdingiz. Uluş oldingiz şu restorandan. Va qanaqadir foyda körişni boşladingiz. Keyingi yilga yana kiritaman deysiz. Çunki birinçi yil foyda kördingiz-ku. Ayniqsa, agar öşa restorandan pulingizni kerak paytda yeçib ola olsangiz. Oqibatda yana ham xotirjam bölib, kelajakda pul kiritasiz. Oqibatda restoran doim pul kelib turadigan bitta manbaga ega böldi. Doimiy şerigi bor. Qaçon pul kerak bölsa, özining investorlariga e’lon qila oladi. Hozir yangi filial oçişimiz kerak, bizga şunça pul kerak. Hamma örtaga pul taşlaydi, bir pastda pul jamlanib qoladi va bitta yangi filial oçib olasiz. Daromadga şerik qilasiz.
Uçinçi ijobiy tomoni, mijozlar biznesni özining biznesi deb körişni boşlaydi. Oqibatda öşa biznesga bölgan mijozning munosabati özgaradi. Masalan, men bir kuni bu restoranda ovqatlanaman, bir kuni bu restoranda ovqatlanaman. Lekin endi agar mana bu restoranning 0, 01% iga bölsa ham, uluşdor bölsam, endi men faqat şu restoranda ovqatlanaman, çunki mening restoranimda bu. Tuşunyapsizmi? Men nafaqat doimiy mijoz, balki reklamaçi, balki qattiq mudofaaçiga aylanib qolaman bu biznesga. “Direct celling” deydi buni, yuzma-yuz sotiş. Bu doimo samaradorroq böladi. Mana hozir qançadir pul berib, televideniye, radioda e’lon berasiz. Bilmaysiz, öşa reklama foyda beradimi, yöqmi. Foydaning hajmidan qat’iy nazar, siz baribir öşa pulni sarflaysiz. Lekin “direct celling”da, ya’ni bir odam sizga reklama qilib berişida, manfaat körasiz va manfaatga qarab pul tölaysiz. Şuning uçun Google va boşqalar rivojlanib ketdi. Klikiga qarab pul tölaydi, masalan. Tekinga sizni reklama qiladi mijozingiz. Ya’ni xalqning sizga nisbatan alohida sadoqati va alohida çiroyli bir munosabati, muhabbati bölişi.
Törtinçisi, odamlarda mana şunday madaniyat paydo böladi: birga ösaylik, bir narsa ulaşaylik degan madaniyat.
Masalan, birorta bankdan kredit oladigan bölsangiz, u yerda mavsumlar bor. Ba’zi mavsumlarda daromad topmaysiz, lekin baribir öşa pulni berişingiz kerak, tölov jadvali bor. Pul topmaysiz ba’zi holatlarda, baribir tölaşingiz kerak. Ba’zi holatlarda ösib ketasiz, öşa miqdorni tölaysiz. Bank ösişingizdan manfaat ham topmaydi.
Bu yerda esa mavsum yomonmi, pul tölamaysiz. Yoki kamroq pul tölaysiz. Mavsum yaxşimi, köproq pul tölaysiz. Natijada şerigingiz siz bilan birga harakatlanadi. Va siz bilan harakatlanuvçi şerigingizda öz örnida investorlik mentaliteti paydo böladi. Ya’ni u endi özini nafaqat öqituvçi, balki investor deb biladi. Va natijada öz puliga qaraşi özgaradi. Ya’ni u endi biladi – vaqtni pulga almaştiriş kerak emas, vaqtni hayotidagi eng qimmat kapital – vaqtga almaştirsa böladi.
Şokir Şaripov: Har bir inson investor bölsa, öşa jamiyat muvaffaqiyatli, samarali jamiyatga aylanadi. Şunday desak böladimi?
Mahmud Usmon: Şunaqa. Buning ikkita tomoni bor. Bir videoda ikkita odam suhbatlaşyapti. Bittasining qölida AirPod degan narsa bor. Bittasi 399 dollarga manaqa narsa çiqdi, muzika eşitsa bölar ekan, deb maqtayapti. Ikkinçisi “qaysi kompaniya çiqaribdi” şuning aksiyasini olaman deyapti. Oradan uç-tört yil ötgandan keyin, yana uçraşişdi, haligi AirPod olgan kişi “bu kompaniya endi iPhone çiqarişdi, knopkalari bölmas ekan, ekranning özida boşqarilar ekan” deyapti. Beş yil ötgandan keyin bu kişi “iPhone 5-çisi çiqdi, 10 yil ötgandan keyin iPhone 10-çisi çiqdi, sening aksiyang nima böldi” deb sörasa, unisi “aksiyam 300 ming dollarga yetdi” deyapti. Ya’ni birinçi kişi iste’mol, iste’mol, iste’mol, qiliş bilan şuğullanyapti. Ikkinçi kişi fikrlayapti, qanaqa qilib mana şu – iste’mol qilayotganim narsadan foyda körsam böladi?
Birinçi yöl, bu iste’molçilik botqoği. Mana şu narsani xohlayman. Olaman. Keyin 10 yil tölab yuraman. 10 yil davomida yana bir narsani xohlayman. Keyin uni olaman. Keyin uni tölab yuraman. Doimiy ravişda uni tölab, buni tölab, şu botqoqda yuraveraman.
Ikkinçisi, şuni xohlayman, lekin şuning yarmiça pulim bor. Şu pulni olay-da, mana bu joyga investitsiya qilay. Natijada sekin-sekin pul köpayişni boşlaydi va qolgan pullarni ham şunga qöyaman, sabr qilaman, sabr qilaman va sekin-sekin menda investitsiya uçun kapital jamlanişni boşlaydi. Keyin öz-özidan menda bu böyiça tajriba ham paydo böladi: “Bu kompaniya yaxşiroq ekan, bunaqa şaklda qilsam yaxşiroq ekan, mana bu narsani ertaga men öndan birini, 10 barobar köproğini olişim mumkin”. Özimning buloğim böladi, menga pul keltirib turadigan manbayim böladi.
Men xohlardim Habibulloh aka Qatarni misol keltirib berişlarini.
Habibullo Ibragimov: Qatarda investitsion bankda işlayman, katta vitse-prezident bölib.
Şokir Şaripov: Ikki oğiz şu banklaringiz haqida, qança oborot qilinadi?
Habibullo Ibragimov: 5 milliard dollardan oşiq pul aylantiramiz.
Şokir Şaripov: Asosan katta-katta obektlarga investitsiya kiritasizlarmi?
Habibullo Ibragimov: Bizning yönalişimiz, biz faqat investitsiya qilamiz. Bizning investitsiyamiz faqat Qatarning özida emas, jahon böyiça, masalan, Amerikada, Yevropada, Saudiyada hozir. Bir neçta yönaliş böyiça işlaymiz. Masalan, yönalişlardan birinçisi aviatsiya yönalişi. Samolyotlarni sotib olamiz, qiymatini şu fondning içiga taşlab olamiz har safar. U fondning yunitlarini investorlarga bölib-bölib sotamiz. Investorlar u fonddan yunit sotib oladigan bölsa, doimiy, masalan, ijaradan kelgan puldan dividend olib turişadi.
Investorlarga özlari borib töğridan-töğri qiliş imkoniyati bölmagan investitsiyalarni qilamiz. Çunki katta investitsiyalar böladi, 100 million, 200 million, 300 million dollarlik investitsiyalar böladi.
Mahmud Usmon: Aytganimizdek, bitta odam borib bir restorandan uluş oladi dedik. Muammo şundaki, voqelikda şu odam şu yaxşi restoranni topa olmaydi. Öşa uluşni olişda yaxşi şartnoma tuza olmaydi. Yoki bir odam borib, deylik, köçmas mulkka investitsiya qilmoqçi. Unga köçmas mulkka yetarli puli bölmasligi mumkin. Köçmas mulk bozoridagi stabillik, bozordagi ösiş yoki boşqaga şerik bölişi uçun unda yetarli pul yöq. Yoki puli bölsa ham, u özining manfaati uçun qulay bölgan şartnoma tuziş darajasida moliyaviy, huquqiy bilimlarga, könikmalarga, malakalarga ega emas. U boradi, odatda şunça narx yozilgan deydi, talaşadi, tortişadi, qölidan kelgança şu narxga oladi. Ötirib, bozorni örganib, kelajakda şaharning qaysi tomoni yaxşiroq böladi, qayerda köçmas mulkni oladigan bölsam, narx tuşib ketmaydi, qayerda oladigan bölsam, menga köproq foyda keltiradi degan örganişlar qiladi.
Habibullo Ibragimov: Juda köp, beş-olti yilda ösib qolgan kompaniyalar bilan gaplaşdik. Ular kompaniyalarini özlari östirib, rivojlantirişgan. Katta kompaniyalarni boşqariş böyiça ularda tajriba yetişmasligi mumkin. Investitsion banklar bilan şeriklikka kirgandan keyin esa ulardan tegişli tavsiyalarini ola boşlaydi, direktorlar kengaşiga odamini qöyadi, doimiy hisobotlarini audit qildirib turadi. Köplab kompaniyalarda muammo böladi – bitta odamga boğliq bölib qoladi. Agar u odam ketadigan bölsa, kompaniyaning kelajagi yöq. Investitsion kompaniya bu joyda ham qöl keladi, “butun kompaniya sizga boğlanib qolibdi, sizdan keyingi odam kim, qanaqa qilib şu muammoni hal qilsak böladi?” deb tergaydi.