Dang‘aralik tadbirkor gulxonasini saqlab qoldi

Avgust oyi oxirida KUN.UZ saytida Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tumanida tadbirkor ayolning gulchilik bilan shug‘ullanayotgan 60 sotix yer maydoni tuman hokimligi tomonidan olib qo‘yilayotgani haqida material berilgandi.
«Dang‘ara tuman hokimligi uch marta qaror o‘zgartirib, tadbirkor ayolning yerini olib qo‘ymoqchi» sarlavhali maqolada, tadbirkor ayol Shahnoza Yusupovaga 2015 yili hokim taklifi va qaroriga asosan tuman markazidagi Muqimiy ko‘chasidan gul yetishtirish uchun yer maydoni ajratilgani, ishbilarmon ayol tashlandiq yerni epaqaga keltirib, ishni boshlagach, tuman hokimi o‘z qarorini uch marta o‘zgartirib, bekor qilgani bayon etilgandi.
2015 yili Dang‘ara tumanining o‘sha paytdagi sobiq hokimi Shuhratbek Abdusalomov tadbirkor ayoldan tuman markazini obod qilishda yordam berishini so‘raydi. Hokim tadbirkorning uyiga borib, tuman markazidagi istirohat bog‘i qurilishiga mo‘ljallangan joydan gul yetishtirish uchun yer maydoni taklif qiladi.
Hokim Dang‘ara tumani, Muqimiy ko‘chasidagi «Istirohat bog‘i» yer maydoni chetidan joy beramiz, turli noyob gullar yetishtirib, keyinchalik ko‘rgazma tashkil qilsangiz, hamma tomoshaga keladi, istirohat bog‘ining gulzorlarini ham o‘zingiz tashkil qilasiz, birgalikda bog‘ni-bog‘ qilamiz, deya 60 sotix yerga doimiy foydalanish uchun qaror ham chiqarib beradi.
2015 yilning 31 dekabrida navbatdagi qaror chiqariladi. 1120-sonli qarorda shunday deyilgan: «Istirohat bog‘i» yer maydonining bir qismida fuqaro Shahnoza Yusupovaga yengil konstruksiyali gulxona qurilishiga ruxsat berilsin».
Sobiq hokim 2017 yilning 6 iyunida №723 raqam ostida yangi qaror chiqaradi. Qaror mazmuni esa bunday edi: «Dang‘ara shaharchasi, Muqimiy ko‘chasida joylashgan «Istirohat bog‘i» hududidan fuqarolarga yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlarni bekor qilib, tuman hokimligi zaxira yerlar fondiga qaytarish to‘g‘risida».
Lekin, bu qaror Shahnoza Yusupovaga uzoq vaqt ko‘rsatilmaydi.
2018 yilning martida tumanga Saidmurod Aminjonov hokim etib tayinlandi. Oradan vaqt o‘tib, Shahnoza Yusupova o‘z gulxonasiga kelganida uni tuman hokimligi qulflab ketganini ko‘radi.
Shu yilning 25 iyunida Dang‘ara tuman hokimligi tadbirkorga rasmiy «Ogohlantirish xati» jo‘natadi. Unda tadbirkordan yer maydonidagi barcha «noqonuniy qurilma»larni o‘z hisobidan buzib olib chiqib ketish so‘ralgan.
Tuman hokimi o‘rinbosarlari sobiq hokimning qarorini amalga oshirish uchun gulchining yer maydoni atrofidagi devorlarni buzishga kelganida, tadbirkor ma'lum qism devor buzilganidan so‘ng ishni to‘xtatib hududida katta mablag‘dagi gullar bo‘lgani sabab hokimlik tomonidan buzilish ishlari olib bormasligini so‘rab, Dang‘ara tuman ma'muriy sudiga «dastlabki himoya choralarini ko‘rish haqida» ariza beradi.
2018 yil 1 avgust kuni Dang‘ara tuman ma'muriy sudi raisi E.M. Ortiqov arizachi Shahnoza Yusupovaning javobgar Dang‘ara tuman hokimligiga nisbatan «Hokim qarorini haqiqiy emas deb topish» haqidagi shikoyat arizasi bo‘yicha ish olib borib, aniqlangan omillar bo‘yicha ajrim qiladi. Sud ish holatlaridan ko‘rinishicha, dastlabki himoya choralari qo‘llanmasa, sudning hal qiluv qarori ijrosi qiyinlashishiga va bajarilmay qolishiga sabab bo‘lishi mumkinligi sabab, dastlabki himoya choralari qo‘llashni lozim topadi.
Sud «Dang‘ara tuman hokimligi tomonidan Sh. Yusupovaga tegishli bo‘lgan Dang‘ara shaharchasi, Muqimiy ko‘chasidagi 0,60 ga yer maydoniga qurilgan binolarni buzishga taqiq qo‘yilsin» deya ajrim qiladi.
Uzoq davom etgan jarayondan so‘ng, tuman hokimi Saidmurod Aminjonov tadbirkor bilan suhbatlashib, uning kelajakdagi rejalari bilan tanishgach, masala tadbirkor Shahnoza Yusupova foydasiga hal bo‘ldi.
Sayt muxbiri bilan suhbatda tuman hokimi Saidmurod Aminjonov ishbilarmon ayolga gulxona atrofidan yana qo‘shimcha maydon ham berishini aytib o‘tgan.
Tadbirkorga tuman hokimining 2018 yil 6 noyabr kuni tasdiqlangan «Dang‘ara tuman hokimining 2017 yil 16 iyun kungi 723-qaror ilovasining Yusupova Shahnoza Mamurovnaga tegishli qismini bekor qilish to‘g‘risida»gi qarori topshirilgan. Endi tadbirkor o‘z gulxonasida yana faoliyatini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
KUN.UZ tahririyatiga Dang‘ara tuman hokimligi tomonidan tadbirkor bilan bo‘lgan muammoli vaziyatni hal etilgani haqidagi qaror loyihasining nusxasi yuborilgan.
Elmurod Ermatov,
KUN.UZ muxbiri
So‘nggi yangiliklar
-
Vatikan Rim papasining o‘limi sababi va uning vasiyatini e’lon qildi
Jahon | 01:05
-
Kreml AQShni «katta bitim»ga jalb qilib, Trampni qiziqtiradigan takliflarni qidirmoqda - OAV
Jahon | 00:45
-
Xitoyda 9 yoshli qiz 25-qavatdan tushib ketib omon qoldi
Jahon | 00:22
-
Orlandoda yo‘lovchi samolyotida yong‘in chiqdi
Jahon | 23:54 / 21.04.2025
Mavzuga oid

11:00 / 25.08.2024
Talabalikdan tadbirkorlikka: uyda baliq boqib daromad topayotgan Yashnarbek hikoyasi

15:42 / 29.06.2024
“Elektroset” ogohlantirmasdan svetni o‘chirsa, javobgarlikka tortish taklif etilmoqda - biznes ombudsman

08:08 / 10.06.2024
Toshkentda tadbirkorning 325 mln so‘mini o‘zlashtirgan ekspeditor aniqlandi

19:38 / 08.06.2024