Jamiyat | 15:00 / 18.11.2018
37987
4 daqiqa o‘qiladi

Qonunlar bolalarning sog‘ligi uchun g‘amxo‘r. Amalda-chi?

Qonunlar jamiyatdagi munosabatlarni tartibga solish, fuqarolarning huquq va burchlarini belgilab berish uchun qabul qilinadi. Qarangki, ta'lim jarayoniga aloqador qonunlarda sinf xonasidagi haroratga oid band ham bor.

Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida bu borada ham ma'lumot berildi.

Unda shunday deyiladi: «Qonunchilikka muvofiq maktablardagi ish xonalarida jumladan, sinflardagi havo harorati 16 °S dan past bo‘lishi mumkin emas.

Bunda, harorat muntazam ravishda fizika o‘quv laboratoriya xonasida 18 °S – 21 °S, sport zalida 18 °S – 20 °S bo‘lishi kerak».

Bolalarning sog‘ligi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan, ularning sifatli ta'lim olishlari uchun sharoit yaratadigan qonun-qoidalarning borligi juda yaxshi. Ammo bu qonunlarga amal qilinyaptimi? Bunisi endi katta savol.

Misollarga e'tibor bering:

«Kun.uz» tahririyatiga Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani «Olmazor» mahallasi Murtak qishlog‘i aholisidan murojaat kelib tushgan, o‘z vaqtida murojaatda ko‘rsatilgan muammolar joyida o‘rganilgandi. Yangi o‘quv yili arafasida maktab filiali ayanchli ahvolda edi. Murojaatda ko‘rsatilganidek, haqiqatdan ham birorta o‘yingoh yoki sport maydonchalari yo‘q. Isitish tizimi mavjud emas. Sovuq kunlarda qo‘lbola pechkalarda isitiladi.

Shuningdek, Andijon tumanidagi 44-maktabda xonalar sovuq, o‘quvchilarning darsga qatnashish foizi juda pastligi haqida saytda «Andijonning «sirti yaltiroq, ichi qaltiroq» maktabida» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida mavjud 89ta umumta'lim maktabiga 1312 tonna briket nam holatda yetkazib berilgan. Natijada mazkur yoqilg‘i mahsuloti 200-300 kg kam chiqyapti. Bu haqda Turon24 muxbiriga tumandagi 58-umumta'lim maktabi direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Hamidulla Ergashev ma'lum qilgan.

«Tumanda maktablarning barchasi briket va ko‘mir bilan isitiladi, – degan tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Shavkat Bekmirzayev. – Ta'lim muassasalarida mavjud 502 ta qozonxonaning 11 tasi mutlaqo talabga javob bermaydi. Hozir ushbu qozonxonalar qayta ta'mirlanmoqda».

Bag‘dod tumani «Konizar» qishlog‘idagi 3-umumiy o‘rta ta'lim maktabi muallimlari «Ko‘rib turganingizdek, havo ochiq kunlari darsni mana shu stadionda o‘tamiz. Yomg‘irli, qorli va sovuq kunlarda sinf xonasida. O‘quvchilarimiz orasida sportning yengil atletika, boks, karate, stol tennisi turlariga qiziqadiganlari juda ko‘p. Lekin to‘garak o‘tish uchun sharoitning o‘zi yo‘q. Bizda ham viloyat, respublika, Osiyo chempionlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan iqtidorli o‘quvchilar bor. Axir Bag‘dod azaldan polvonlar yurti. O‘quvchilarimiz atrofimizdagi 2-, 4-, 51-maktabdagi tengdoshlariga havas qilishadi. Yurtimizda yosh avlod tarbiyasiga, uni har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga katta e'tibor berilyapti. Bizni maktabga ham islohotlar yetib kelarmikan? Muammolarga javob izlab murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Hech qanday samara yo‘q», deyishgandi.

«Viloyatlarda ahvol shunaqada, ammo poytaxtdagi o‘quvchilarning oshig‘i olchi», deganlar adashishadi. Yaqinda poytaxtning Sergeli tumanidagi maktablardan birida isitish tizimi vaqtida ta'mirlanmagani tufayli sovuq kunlarda darslar 30 daqiqadan davom etayotgani haqida xabar kelib tushdi.

Nachora, islohotlar asta-sekin samara berib, amaldagi ishlar qonunchilikka mos keladigan kunlar ham kelar...

Abror Zohidov

Mavzuga oid