O‘zbekiston | 14:18 / 19.11.2018
13400
4 daqiqa o‘qiladi

Sobiq harbiylashtirilgan maxsus maktab-internat o‘quvchilariga IIV maktab-internatida o‘qishni davom ettirishga ruxsat beriladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyatini tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Kasb-hunar ta'limi markazining:

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi sobiq Harbiylashtirilgan maxsus maktab-internatining 6 – 9-sinflarida o‘qigan o‘quvchilarning 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internatida o‘qishni davom ettirishlariga ruxsat berish;

oziq-ovqat mahsulotlarini tashish va yetkazib berish xarajatlarini maqbullashtirish, tabiiy kamayish normalari doirasida nobudgarchiliklarni eng kam darajaga keltirish, taom turlarini xilma-xillashtirish va ovqat tayyorlash sifatini yaxshilash maqsadida ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchilarining ovqatlanishini autsorsing shartlarida tashkil etish sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Belgilanishicha:

autsorsing bo‘yicha umumiy ovqatlanish korxonalari (autsorser) xizmatlariga haq to‘lash autsorserning barcha xarajatlarni (soliqlar, xodimlarning ish haqi, transport xizmatlari hamda asbob uskunalarni ta'mirlash va ulardan foydalanish va boshqalarni) o‘z ichiga oladigan 20 foizgacha ustama haq hisobga olingan holda, shartnoma tuzilishi sanasida oziq-ovqat mahsulotlarining amaldagi o‘rtacha bozor narxlari bo‘yicha bir ovqatlanuvchiga tegishli kontingent uchun ovqatlanishning tasdiqlangan normasidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi;

o‘quvchilarning ovqatlanishini tashkil etish uchun ijara shartnomasi doirasida autsorserga vaqtincha foydalanishga beriladigan oshxonaning ishlab chiqarish xonalari, asbob-uskunalari, idish-tovoqlari va mebelidan foydalanganlik uchun to‘lov nol stavka bo‘yicha belgilanadi;

o‘quvchilarga ovqat tayyorlash uchun autsorser tomonidan iste'mol qilinadigan kommunal xizmatlar qiymati O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ajratilgan byudjyet mablag‘lari doirasida qoplanadi;

autsorserning ko‘rsatilgan xizmatlari uchun narxlar (shartnomalar bo‘yicha), qoidaga ko‘ra, ko‘pi bilan bir oyda bir marta qayta ko‘rib chiqiladi;

autsorsing bo‘yicha shartnomalar tuzish, qoida tariqasida, umumiy ovqatlanish sohasida katta ish tajribasiga, tegishli moliyaviy va logistik bazaga ega bo‘lgan talabgorlarga ustunlik berilgan holda eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan amalga oshiriladi;

sanitariya va gigiyena qoida hamda normalariga, shuningdek texnik tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarga to‘liq muvofiq bo‘lishi kerak bo‘lgan ovqat tayyorlash va mahsulotlar sifatini nazorat qilish zarurat bo‘lganda vazirliklar va idoralarning mutaxassislari jalb etilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchilari kontingenti, ularning yoshi va jismoniy rivojlanish darajasini inobatga olgan holda o‘quvchilarning kunlik ovqatlanish me'yorlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid