O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida viloyatda chorvachilikni rivojlantirish, sohaga nasldor qoramollar olib kirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida parvarishlash, yetishtirilgan qoramollarni joyida qayta ishlash va buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratish haqida so‘zlagandi. Aytish mumkinki, bu borada viloyat miqyosida ancha-buncha ishlar amalga oshirildi.
Ammo vaqti-vaqti bilan shunday holatlar ham uchrab turadiki, eshitgan yoki ko‘rgan odamning dilini g‘ash etadi. Yanada aniqroq aytiladigan bo‘lsa, yaxshi niyatlar bilan va shu bilan birga katta mablag‘lar evaziga xorijdan nasldor chorva olib kirgan fermerlar qiyin holda qolsa, ularning talablari qonun doirasida qanoatlantirilmasa? Bundan ko‘p narsa zarar ko‘radi, ayniqsa, fermer. Bu zararlar nimalardan iborat? KUN.UZ’ga yo‘llangan navbatdagi murojaatda aynan mana shu savollarga javob qidiriladi.
Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida faoliyat olib boruvchi «Denov Nasl Chorva» MChJ bugunga kelib qiyin holga tushib qolgan. Gap shundaki, mazkur fermer xo‘jaligi chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha Kasbi tumanining 2017-2021 yillar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida «Denov Nasl Chorva» fermer xo‘jaligi Kasbi Xalq bankidan 117 ming AQSh dollari miqdorida kredit oladi va pullarga Ukrainadan 2018 yilning 2 sentabr kuni 69 bosh naslli qoramol olib kelinadi. Jami qoramol bosh soni esa 100 boshdan oshadi. Bu haqda mazkur fermer xo‘jaligi rahbari Akromjon Novotov shunday deydi.

— Bir necha marta Kasbi tumani hokimi nomiga chorva mollariga ozuqa zaxirasi yaratish uchun yer so‘rab ariza bilan murojaat qildik. Yozgan arizamiz tuman hokimi tomonidan viza qo‘yilib, tegishli mutaxassislarga o‘tkazilgan, lekin ushbu mutaxassislar tomonidan na amaliy yordam ko‘rsatilyapti, na bizga hech qanday javob xati berilmasdan qolib ketdi.
Shundan so‘ng, Qarshi shahriga tashrif buyurgan prezident virtual qabulxonasi ishchi guruhiga murojaat qildik. Ushbu murojaatimizdan so‘ng, Kasbi tuman hokimligining mutasaddi vakillari tuman hududidan chorva mollari uchun ozuqa yetishtirishning imkoni yo‘q bo‘lgan joydan, muammoni bosdi-bosdi qilish maqsadida, xo‘jako‘rsinga yer ajratib berishmoqchi bo‘lishdi. Aslida, ajratib berishmoqchi bo‘lgan yer maydonida ekinlarni sug‘orish uchun suv olib borishning imkoni yo‘q, suv nasoslarini ishlatishning ham umuman imkoni yo‘q, chunki elektr tarmog‘i o‘tmagan.

























