19:53 / 20.11.2018
9479

Sharof Rashidov xotirasiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi

Bugun, 20 noyabr kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosida atoqli adib va davlat arbobi Sharof Rashidov tavallud sanasiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent fotosuratlar uyi ko‘rgazmasi tashkil etilib, Sharof Rashidov xalqchil inson va siyosiy arbob sifatida namoyon bo‘lgan suratlar omma e'tiboriga havola etildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo «​hech shubha yo‘qki, Sharof Rashidov nomini o‘zbek xalqining tarixidan, hayotidan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi»​, deya, o‘tgan yili Sharof Rashidovning 100 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda Shavkat Mirziyoyev so‘zlagan nutqni xotirladi. «Sharof Rashidov o‘z xalqiga va Vataniga fidoyi farzand edi», - deydi u.

Uzoq yillar davomida Rashidov hayotini o‘rganib kelayotgan siyosiy fanlar doktori, professor To‘lqin Alimardonovning «O‘chmas Sharof» nomli kitobi adibning 100 yillik yubileyi arafasida chop etilgandi. Cho‘lni o‘zlashtirish siyosati, totalitar tuzum sharoitda davlat rahbarining o‘z pozitsiyasida sobit turganligi haqida yozgan tarixchiga ko‘ra, siyosiy shaxslar haqida gap ketganda, doim ularning siyosat, iqtisodiyot sohasidagi ishlarini e'tirof etilishi odatga aylangan, ammo madaniy siyosat borasidagi ishlari nazardan chetda qolib ketadi.

Darhaqiqat, Sharof Rashidov o‘ziga xos madaniy siyosat olib borish yo‘li bilan jamiyatning ma'naviy qiyofasini o‘zgartirgan shaxs edi. Bunda u kishining jurnalist, adib bo‘la turib, siyosiy sahnaga chiqqani muhim ahamiyat kasb etadi. Adabiy kechada Sharof Rashidovning qizi Sayyora Rashidova ham ishtirok etib, uning faoliyati va turmush yo‘li haqida nutq so‘zladi.

Top