2018 yil 10 dekabr kuni Umumjahon Inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilinganiga 70 yil to‘ladi. BMT Bosh Assambleyasining 3-sessiyasida qabul qilinib, tashkilotga a'zo barcha mamlakatlarga tavsiya mazmuniga ega bo‘lgan mazkur Deklaratsiya Yer sayyorasida yashayotgan insonlarning barchasiga birdek tegishli bo‘lgan huquqlarini ochiqlaydi. Bu hujjat dunyoning shu kungacha besh yuzdan ortiq tiliga tarjima qilingan bo‘lib, eng ko‘p tarjima qilingan hujjatdir. 30 moddadan iborat Deklaratsiya Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro qonunning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Ta'kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan yillardan Inson huquqlari va fuqarolar erkinliklarini ta'minlash borasida ayrim harakatlarni amalga oshirishga harakat qilib kelganiga qaramay, bu boradagi xalqaro reytinglarda hamon o‘z pozitsiyasini yaxshilay olgani yo‘q. Obro‘li huquq tashkilotlari, jumladan Human Rights Watch O‘zbekistonning hozirgi rahbariyati tomonidan inson huquq va erkinliklarini ta'minlash borasida ayrim ishlar amalga oshirilayotgani, biroq bu yetarli emasligi, inson huquqlarining himoya qilinishi bilan bog‘liq vaziyatni yanada yaxshilash uchun ko‘p ishlar qilinishi lozimligini ta'kidlamoqda.

Xo‘sh, Inson huquqlarini belgilab, izohlab, nimalardan iborat ekaniga oydinlik kirituvchi hujjat qanday qabul qilindi? Shunday deklaratsiyani ishlab chiqib, qabul qilishga nima turtki bo‘ldi? Umuman, mazkur deklaratsiyaga qanday ehtiyoj bor edi? Aslida, tug‘ilishidanoq hur tug‘iladigan har bir insonning huquqini dunyo miqyosida e'tirof etishga qanday zarurat bo‘lgandi?

Inson huquqlariga rioya qilinishi kun tartibiga chiqarilgan bugungi O‘zbekistonda Umumjahon Inson huquqlari deklaratsiyasini tarixini bilish foydadan xoli bo‘lmaydi, albatta.

1939-1945-yillar oralig‘idagi dahshatli voqealar, Ikkinchi jahon urushi vaqtida insoniyatga qarshi amalga oshirilgan qirg‘inlar insonning umume'tirof etilgan huquqlarini qayd qilish zarurligini ko‘rsatdi. 1941 yilda AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt «Mamlakatdagi holat bo‘yicha murojaat»ida 4ta muhim erkinlik: so‘z erkinligi, vijdon erkinligi, ehtiyojdan erkinlik va qo‘rquvdan erkinlikni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Ayni shu narsa, tinchlik o‘rnatish va urush tugashiga imkon beradigan inson huquqlari rivojiga yangi turtki berdi.

Dunyo afkor ommasiga natsistlar Germaniyasining konslagerlarda sodir etgan jinoyatlari ma'lum bo‘lganida, BMT Nizomi inson huquqlarini kerakli darajada izohlab bera olmasligi, himoya qila olmasligi ayon bo‘lib qoldi. Shunga binoan Inson shaxsiyati huquqlarini birma-bir sanab beradigan umumiy shartnoma zarurati paydo bo‘ldi.