Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp: “Qoshiqchi ishidagi noaniqliklarga qaramasdan AQSh Ar-Riyodning hamkori bo‘lib qolaveradi”
Jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘limiga doir savollar ochiq qolayotgani va ularning ayrimlariga hech qachon javob berilmasligiga qaramasdan Amerika Qo‘shma Shtatlari Saudiya Arabistonining ishonchli hamkorligicha qolish niyatida, deyiladi seshanba kuni AQSh prezidenti Donald Trampning e'lon qilingan bayonotida.
AQSh prezidenti Jamol Qoshiqchining o‘limiga daxldor Saudiya Arabistonining 17 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan sanksiyalar joriy etilganini eslab o‘tdi. Shuningdek, Saudiya qiroli va valiahd shahzodasi qotillik rejalashtirilayotganidan xabardor bo‘lishganini rad etishayotganini ta'kidladi.
“Jamol Qoshiqchiga nisbatan amalga oshirilgan jinoyat juda dahshatli bo‘ldi, mamlakatimiz bunaqasini kechira olmaydi. Ayni paytda mavjud bo‘lgan ma'lumotlarga ko‘ra qotillikka aloqador kimsalarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rilgan, — degan Donald Tramp. — Qirol Salmon [ibn Abdulaziz Ol Saud] va valiahd shahzoda Muhammad [ibn Salmon Ol Saud] Qoshiqchini o‘ldirish rejasidan xabardor bo‘lishganini qat'iy rad etishmoqda. Bizning razvedka xizmatlarimiz mavjud ma'lumotlarni tahlil qilishda davom etmoqda va valiahd shahzoda bu fojiadan xabardor bo‘lgani inkor etilmayapti: u bilgan bo‘lishi ham mumkin, bilmagan bo‘lishi ham!”
“Biz hech qachon Qoshiqchining o‘ldirilishi atrofidagi barcha faktlarni aniqlay olmaymiz. Nima bo‘lganda ham, biz Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni davom ettiramiz, chunki ular Eronga qarshi o‘ta muhim kurashda bizning ajoyib ittifoqchimiz bo‘lib kelgan. Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z mamlakati, Isroil va AQShning bu mintaqadagi boshqa hamkorlari manfaati yuzasidan Saudiya Arabistonining ishonchli hamkori bo‘lib qolaverish niyatida”, — degan Amerika yetakchisi.
“Saudiya Arabistoni vakillari Jamol Qoshiqchi “vatan dushmani” va “Ixvon-ul muslimiyn” (“Musulmon birodarlar”) a'zosi bo‘lganini aytishmoqda, biroq mening (Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikni davom ettirish haqidagi — tah.) qarorim bunga asoslanmagan, bu shubhasiz toqat qilib bo‘lmaydigan va dahshatli qotillikdir”, — degan Tramp.
Agar AQSh Saudiya Arabistoni bilan mavjud shartnomalarni bekor qilgudek bo‘lsa, bundan Rossiya va Xitoy yutishini ta'kidlagan Donald Tramp.
“Agar biz chuqur o‘ylamasdan bu shartnomalarni bekor qilsak, Rossiya va Xitoy katta foydaga ega bo‘ladi va yangi bitimlarni jon-jon deb o‘zlariga olishadi. Bu Qo‘shma Shtatlar tomonidan ularga kutilmagan ajoyib sovg‘a bo‘ladi”, — deyiladi Trampning bayonotida.
Agar AQSh milliy xavfsizligi manfaatlariga zid kelmasa, Tramp Kongressning Saudiya Arabistoniga qarshi ta'sir choralarini ko‘rib chiqishini ham ta'kidlab o‘tgan.
“Siyosiy va boshqa vajlar bilan o‘zgacha yo‘l tutishni istayotgan Kongress a'zolari ham bor — ular bunga haqli, albatta. Agar Amerika xavfsizligiga to‘liq mos kelsa, menga taqdim etilgan har qanday g‘oyani ko‘rib chiqishga tayyorman”, — deyiladi AQSh prezidentining seshanba kungi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Amerikaning Washington Post gazetasida sharhlovchi bo‘lib ishlab kelgan, 2017 yildan buyon AQShda istiqomat qilgan Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni Istanbul shahridagi Saudiya Arabistoni konsulligiga kirganidan so‘ng g‘oyib bo‘lgan edi. Saudiya Arabistoni davlat OAVlari 20 oktabr kuni kechasi mamlakat bosh prokurorining Qoshiqchi o‘ldirilgani va uning o‘limiga konsullik xodimlari bilan sodir bo‘lgan janjal sabab ekani haqidagi bayonotini tarqatishdi. Istanbul prokuraturasi Qoshiqchining o‘ldirilishi avvaldan rejalashtirilganini, u bosh konsullikda bo‘g‘ib o‘ldirilgach, uning tanasi burdalanib yo‘q qilinganini ta'kidlagan edi.
Saudiya Arabistoni bosh prokuraturasining tarqatilgan bayonotiga ko‘ra, Qoshiqchining o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan 21 kishi hibsga olingan. Qotillik jarayonining bevosita besh ishtirokchisiga nisbatan prokuratura o‘lim jazosi talab qilmoqda, qolganlarni esa shariat qonun-qoidalariga ko‘ra jazo kutadi.
Mavzuga oid
07:09 / 02.06.2026
1,7 million ziyoratchi va aqlli boshqaruv. Haj-2026 yakunlari
08:37 / 29.05.2026
Jahon boylik xaritasi o‘zgarmoqda: yangi liderlar paydo bo‘lmoqda
08:52 / 27.05.2026
Saudiyadagi 1 kilometrlik osmono‘par binoda Xitoy texnologiyalari qo‘llanadi
08:43 / 23.05.2026