Jahon | 19:31 / 22.11.2018
7194
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Rossiyadan mehnat migrantlari muammolarini hal etishda hamkorlik qilishni so‘radi

Qirg‘iziston Rossiya hududidagi qirg‘izistonlik mehnat migrantlarining muammolarini hal etishda hamkorlik qilishini so‘rab Rossiya tomoniga murojaat qildi. Qirg‘iziston TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari konsullik xizmatlari vakillarining Bishkekdagi uchrashuvida ushbu mavzu ko‘tarilgan.

"Asosiy e'tibor Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasiga qaratildi. Qirg‘iziston fuqarolarini Rossiyada migratsion hisobga qo‘yish, ularga oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lash, mehnat migrantlari oila a'zolariga majburiy tibbiy sug‘urta rasmiylashtirish hamda RF hududida tijorat transportini boshqarish uchun ikki davlat milliy haydovchilik guvohnomalaridan foydalanishda davom etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi", deyiladi TIV xabarida.

TIV matbuot xizmatining bildirishicha, tomonlar Rossiya hududidagi qirg‘iz mehnat migrantlarining "holatini yaxshilash bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga" kelishib olishgan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Rossiyada Qirg‘izistonning 650 mingdan ortiq fuqarolari mehnat qilmoqda.

 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid