Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Har ikki yilda bir marta Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san'ati festivali o‘tkaziladi
Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Hujjatga muvofiq, festival har ikki yilda bir marta – 5-10 aprel kunlari Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida o‘tkaziladi. Aniq sana va muddat Xalqaro baxshichilik san'ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilanadi.
Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning KUN.UZ’ga ma'lum qilishicha, mazkur tadbir turizmni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.
“Ushbu tadbir nafaqat baxshichilik san'atini rivojlantirish nuqtai nazaridan, balki turizmni rivojlantirishda ham juda katta ahamiyat kasb etadi. Surxondaryo uzoq tarixga ega, u diniy, ilmiy, etnografik jihatdan boy, gastronomik turizmni rivojlantirish nuqtai nazaridan ham salohiyatli hudud hisoblanadi. Xalqaro baxshchilik festivalini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida infratuzilmalar – elektr energiyasi, gaz, suv ta'minoti, kanalizatsiya tizimi yaxshilanadi, yo‘llar tekislanadi. Shu bilan birga, sayyohlarga mo‘ljallangan ko‘plab restoran va kafelar faoliyati tashkil etiladi. Bundan tashqari, mahalliy aeroport rekonstruksiya qilinib, tadbirgacha yangi aeroport terminali ishga tushiriladi, butun hududda obodonchilik ishlari amalga oshiriladi. Xalqaro baxshichilik san'ati festivali Termiz shahri va umuman Surxondaryo viloyatining rivojlanishiga ham katta hissa qo‘shadi”, - deydi u.
Qarorga muvofiq, festival doirasida baxshichilik va dostonchilik san'atini rivojlantirishga oid ilmiy-amaliy konferensiya, xorijiy va mahalliy baxshichilik san'ati ustalarining yakka konsertlari, sayillar, baxshichilik san'ati tarixiga oid ko‘rgazma va xalqaro ko‘rik-tanlov o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Ko‘rik-tanlovda ishtirok etishni istagan san'atkorlar va jamoalar tanlov o‘tkaziladigan yilning 1 fevraliga qadar tashkilotchilarga tegishli ma'lumotlarni taqdim etishi lozim.
O‘zbek, ingliz va rus tillari festivalning ishchi tillari etib belgilanadi.
Ko‘rik tanlov g‘oliblari quyidagi tartibda taqdirlanadi:
“Gran-pri” – 7000 AQSh dollari;
I o‘rin – 10 000 AQSh dollari (har bir yo‘nalish bo‘yicha 2X500);
II o‘rin – 7000 AQSh dollari (har bir yo‘nalish bo‘yicha 2X3500);
III o‘rin – 5000 AQSh dollari (har bir yo‘nalish bo‘yicha 2X2500).
Bundan tashqari, “Eng yosh baxshichilik san'ati ijrochisi”, “Muxlislar e'tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi” va “Eng yaxshi cholg‘u ijrochisi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar 500 AQSh dollari miqdorida mukofotlanadi.
Mazkur qaror ijrosi nazorati O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov zimmasiga yuklatildi.
Mavzuga oid
18:00 / 12.06.2026
Surxondaryoda uch yigit suvga cho‘kib o‘ldi
14:04 / 11.06.2026
Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovi reja qilinmoqda
20:37 / 03.06.2026
Surxondaryoda tug‘ilgan to‘rt oyoqli chaqaloq murakkab jarrohlik amaliyotidan o‘tdi
17:03 / 23.05.2026