O‘zbekiston | 09:57 / 23.11.2018
8109
2 daqiqa o‘qiladi

Noqonuniy qurilish-montaj ishlari uchun tadbirkorlarga jarimalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi yetarli ovoz to‘play olmadi

Foto: parliament.gov.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasi deputatlarning qizg‘in bahs-munozarasiga sabab bo‘ldi.

Ushbu qonun loyihasining asosiy maqsadi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish qismiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishdan iborat. Qayd etilganidek, amaliyotda aksariyat hollarda yakka tartibdagi tadbirkorlar — jismoniy shaxslar (fuqarolar) tomonidan noqonuniy qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. O‘rganishlarga ko‘ra, qurilish sohasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar 2013 yilda 299 ta, 2014 yilda 389 ta, 2015 yilda 588 ta va 2016 yilda 911 tani tashkil etgani aniqlangan. Qurilish-montaj ishlarini bajarayotgan fuqarolarga nisbatan sodir etilgan bunday huquqbuzarliklar uchun bugungi kunda ma'muriy javobgarlik qo‘llash masalasi aniq hal etilmagan. Shu munosabat bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-modda hamda 160-moddalariga fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish hamda qo‘llash taklif etilmoqda.

Deputatlar loyiha yuzasidan qonun tashabbuskorlariga savollar bilan murojaat etdilar. Mazkur qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqilayotganda deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar loyihada o‘z aksini topmaganini deputatlar misollar keltirgan holda e'tirozlar bildirdilar.

Shundan so‘ng qonun loyihasi ovozga qo‘yildi. Biroq qonun loyihasi yetarli ovoz to‘play olmadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid