O‘zbekiston | 20:39 / 26.11.2018
4162
2 daqiqa o‘qiladi

XMT: Uchinchi tomon monitoringida davlat idoralari ishtirok etmadi

Paxta yig‘im-terim davrida olib borilgan Uchinchi tomon monitoringida davlat idoralarining birorta ham vakili qatnashmagan. Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi texnik koordinatori Yonas Astrup Wyndham mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan tadbirda shu haqda ma'lum qildi. 

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston hukumati, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari bilan erishilgan kelishuvga binoan paxta terimida bolalar mehnatini 2013 yildan buyon monitoring qilib kelmoqda. 2015 yildan boshlab esa, Jahon banki bilan kelishuvga asosan XMT terim davomida majburiy mehnat va bolalar mehnat monitoringini amalga oshirib kelmoqda.

Joylardagi holatni xolisona o‘rganish maqsadida XMT ekspertlari tomonidan hamrohlarsiz va oldindan e'lon qilinmagan holda, terimchilar va terimga jalb etilgan boshqa shaxslar bilan o‘n bir mingta suhbat uyushtirildi. 2018 yildan boshlab, dalalardagi suhbatlar, xabardorlikni oshirish va ishonch telefonlari orqali kelib tushgan murojaatlarni o‘rganishda kuzatuvchilarga qo‘shilib mahalliy inson huquqlari faollari ham qatnashdilar.

Monitoringda birorta davlat idoralari vakillari qatnashmadi. Boz ustiga, samaradorlikni yanada oshirish maqsadida dalalarning GPS koordinatalari tavakkal ravishda tanlab olinib, XMT ekspertlariga safarga chiqishdan bir oz muddat oldin berildi.

2018 yilda aksariyat terimchilar paxta dalalariga ixtiyoriy ravishda chiqqan bo‘lib, terimda ishtirok etgan ba'zi davlat tashkilotlari vakillari terimga chiqishni istamaganlarini, ammo ish joyida muammo kelib chiqmasligi uchun dalaga chiqqanliklarini bildirgan. Boshqa guruh terimchilar esa, terim uchun to‘lov miqdorining ancha yaxshilangani va qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi mukofotlar berilishini eshitib, dalaga chiqqanligini ma'lum qilishgan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid