Yangi uylarda gazsiz o‘tirgan qarshiliklar. Muammo nega hal qilinmayapti?
Sovuq kunlar boshlanishi bilan uyni isitish muammosi kishi xayolini band etib qo‘yadi. Tabiiy gaz o‘tmagan hovlilarda yashovchi aholi uyini amal-taqal qilib isitadi. Ko‘p qavatli uylarda yashovchilar-chi? Ular pechka o‘rnata olmasa, sandal qura olmasa, nima qiladi? Elektron isitgichlardan foydalanadi. Oqibatda, kuchlanish darajasi yuqori bo‘lib ketdi, deya elektr korxonasidagilar tokni o‘chirishadi. Bu bechora gaz bilan birga, elektrdan-da mahrum bo‘ladi. Muammolar zanjiri bir-biriga ana shunday bog‘lanib ketaveradi.
Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan navbatdagi murojaat Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan «Qarluqxona» mahallasi fuqarolaridan. Mahalladagi uylar deyarli yangi – besh yilcha oldin qurib, foydalanishga topshirilgan. Biroq Islom Karimov ko‘chasida joylashgan 299-a va 299-b uylarda tabiiy gaz yo‘q. Besh yildirki, odamlar qish yaqinlashishi bilan nima qilarini bilmay qolishadi.
Fuqarolarning aytishicha, ular ipoteka kreditiga olingan uylari uchun har oy 1,2-1,5 million so‘m pul to‘lashadi. Ikkita uyda jami 54ta xonadon bo‘lib, ularning aksariyati mana shunday qiyinchiliklar sabab, o‘z uylaridan chiqib ketishyapti. Xonadonlarga issiqlik quvurlari o‘rnatilgan, eng boshida, bir-ikki kun issiqlik ta'minoti qo‘shilgan, yaxshi ishlagan, ammo keyin o‘chirib qo‘yishgan. Shu bilan qaytib ishlamagan.
«2016 yilning noyabr oyida Prezident virtual qabulxonasiga ushbu masala yuzasidan murojaat qildik. Qarshi shahri hokimligidan vakillar kelib, ikki kun ichida barchasini hal qilamiz, deb ketishdi va shu bilan qaytib kelishmadi. Imkoni bor qo‘shnilar o‘zaro pul yig‘ib, boshqa yerdan gaz quvurlari tortib kelyapmiz. Holbuki uylarning shundoq biqinida qozonxonalar joylashgan», — deydi biz bilan suhbatda aholi vakillaridan biri.
Qashqadaryo viloyati issiqlik manbai korxonasi rahbari vaziyatga quyidagicha izoh berdi.
«Quruvchi mavjud me'yoriy hujjatlarni taqdim etsa, shahar hokimligi tomonidan mazkur uylar issiqlik manbai korxonasi balansiga o‘tsin degan qaror chiqadi. Ana shundan so‘ng, biz bu uylarni issiqlik ta'minoti bilan ta'minlaymiz. Ammo hozir quruvchidan darak yo‘q. Bu muammolardan xabar topganimdan beri har safar shu uylarga kelaman, nima qilish kerakligi haqida o‘ylayman, ammo hujjatlar joyida bo‘lmasa, rasmiyatchilik amalga oshirilmasa, bu muammoni ijobiy tomonga hal etib bo‘lmaydi», deydi u.
Mazkur masala yuzasidan ushbu uylar quruvchisi Jamshid ismli kishi bilan bog‘lanishga harakat qildik, ammo buning imkoni bo‘lmadi.
Keling, turli qochirim so‘zlardan, kimnidir ayblovchi tanqidlardan yoki oldi-qochdi gaplardan ko‘ra, hayotiy manzaralarga qaytamiz. Biror kishi uy qilib, vatanli bo‘laman desa, unga bor mehrini beradi. Bor kuchi va pulini sarflaydi. Mustahkam bo‘lsin deydi. O‘zi g‘ishtini qo‘yib, o‘zi tomini yopadi. Hashar qilib, yoru birodarlarini yordamga chaqiradi.
Bugun zamona zayli bilan quruvchi tashkilotlar tomonidan uylar qurilib, odamlarga topshirilmoqda. Albatta tekinga emas.
Uy qurish dardidan qutulib, o‘z ishiga, o‘z sohasiga, o‘qishiga fikrini band etgan, quruvchiga ishonib, yaxshi niyatlar qilgan kishilar bugun shunday ahvolga tushib qolishgan.
Yuqorida ko‘tarib chiqilgan masala qiyin emas. Besh yildan buyon sovuq uyda yashayotgan, orzu-niyatlari chippakka chiqayotgan, ne qilarini bilmayotgan odamlar muammosiga e'tibor qaratiladi va muammo ijobiy yechim topadi, degan umiddamiz.
Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri
Mavzuga oid
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
15:54 / 29.10.2024
Toshkent tumanidagi qariyb 43 ming xonadonda noma’lum muddatga gaz o‘chiriladi
16:23 / 28.10.2024
Turkmaniston Rossiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi
09:39 / 24.10.2024