O‘zbekiston | 18:12 / 28.11.2018
5709
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda jinoyat ishlari sudlarda sezilarli kamaygan

28 noyabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan "Taraqqiyot strategiyasi" markazida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

2017 yil 1 iyundan O‘zbekistonda birinchi marta Oliy sudning ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlarda 207 ta ma'muriy sud va 85 ta iqtisodiy sud faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

O‘tgan davr mobaynida Oliy sud tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqidan keng foydalanishga e'tibor qaratildi. Masalan, 2018 yil 1 apreldan kuchga kirgan yangi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks, Fuqarolik protsessual kodeksining yangi tahriri, shuningdek Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonunlar qabul qilingan.

2018 yilning o‘tgan to‘qqiz oyida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 36 889 nafar shaxsga nisbatan 28 730 ish ko‘rib chiqilgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichlar 2017 yilning shu davriga nisbatan shaxslar bo‘yicha 37,9 foiz, ishlar bo‘yicha esa36,5 foizga kamayganligi haqida jurnalistlarga xabar berib o‘tildi.
Oqlangan shaxslar

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, joriy yilning 26 noyabr holatiga 711 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilingan. Bu ko‘rsatkich 2017 yilda 262 nafarni, 2012-2016 yillarda esa atigi 7 nafarni tashkil etgan edi. Shuningdek, 1 597 nafar shaxs shartli hukm qilingan, 2 449 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangani tufayli sud zalidan ozod qilingan.

Yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 6 914 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.

Joriy yilning to‘qqiz oyida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan barcha ishlarning qariyb 46 foizi sayyor sudlarda ko‘rib chiqildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan esa 62 657 ish shu tartibda ko‘rilgan. 

7mingdan ortiq yarashuv

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan joriy yil 9 oyida jami 7539ta ish taraflarni yarashtirish orqali tugatilgan, ya'ni nizoga barham berilib, taraflar o‘rtasidagi munosabatlar saqlanib qolingan.
Ma'muriy sudlar tomonidan 2018 yilning 9 oyida ommaviy huquqiy munosabatlar (davlat vakolatli tashkilotlari tomonidan chiqarilgan hujjatlar masalasi) dan kelib chiqadigan 16 563 ta ish ko‘rilib, buning natijasida12.525 nafar fuqaroning huquqlari tiklangan.

2018 yilning to‘qqiz oyi mobaynida iqtisodiy sudlar tomonidan 323 983 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etildi. Shunda da'vogarlar foydasiga 8,8 trln. so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan. Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,1 foizga oshgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini huquqiy himoya qilishga oid 32 097 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi hamda ular foydasiga 772,7 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘larni undirish haqida sud qarorlari chiqarilgan.​

Mavzuga oid