Jahon | 11:32 / 29.11.2018
19311
3 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko NATOni Azov dengiziga kemalar jo‘natishga chaqirdi

Foto: REUTERS

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko NATOga a'zo davlatlarni Azov dengiziga kemalar jo‘natishga chaqirdi, deya yozadi Bild.

Xabar qilinishicha, Kiyev «eng yaqin ittifoqchilardan» biri, deb hisoblovchi Germaniyadan alohida umid qilmoqda.

Poroshenko Germaniya kansleri Angela Merkel 2015 yil Minskda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ishtirok etganini yodga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda u mamlakatni «qutqargan».

- Umid qilamizki, u boshqa ittifoqdoshlarimiz bilan birga Ukrainani yana bir bor qo‘llab-quvvatlaydi, - deya ma'lum qildi Ukraina prezidenti.

Shuningdek, Pyotr Poroshenko Yevropadagi ittifoqchilarni Kerch bo‘g‘ozidagi voqeadan keyin Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi.

Poroshenkoning ta'kidlashicha, Yevropa va AQShning qo‘llab-quvvatlovi tufayli Moskva hamda Kiyev o‘rtasida yuz bergan ziddiyat mohiyati ishonchli tarzda yetkazildi.

- Prezident, hukumat, parlament, butun Ukraina diplomatik mashinasi va diasporasining birgalikdagi sa'y-harakatlari bilan biz xalqaro hamjamiyatga Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorlik akti, ukrainalik dengizchilarga nisbatan g‘ayriinsoniy dengiz ovi haqida bor haqiqatni yetkazishga muvaffaq bo‘ldik, - deyiladi Ukraina prezidentining feysbukdagi xabarida.

Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an esa Kerch bo‘g‘ozidagi hodisada Anqarani vositachi sifatida taklif qildi.

- Putin bilan suhbatimizda bu masalani turli tomonlardan muhokama qildik, shu jumladan, Qora dengizda hozirgi vaqtda Rossiya va Ukraina o‘rtasida yuz berayotgan voqealar fonida o‘zimizga vositachi rolini olishimiz mumkin, - deya Erdo‘g‘anning so‘zlarini keltiradi RIA «Novosti».

Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, Erdo‘g‘an, shuningdek, Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko va AQSh yetakchisi Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatlashgan.

25 noyabr kuni FXX Ukrainaning uchta harbiy kemasi Rossiya hududiy suvlariga kirgani haqida xabar qildi. Kemalar Odessadan Mariupolga yo‘l olayotgan bo‘lgan, lekin ularni Kerch bo‘g‘ozidan o‘tkazishmadi. Ukraina tomonining bildirishicha, avval Rossiya kemalar kelishi haqida xabardor etilgan, FXX buning aksini iddao qilmoqda.

Shu kuniyoq Ukraina harbiy-dengiz kuchlari Rossiya katerlari mamlakat kemalari guruhi Kerch bo‘g‘ozidan chiqib ketayotganida unga qarata o‘t ochganini ma'lum qildi. Rossiya chegarachilarining bunday xatti-harakati tufayli olti nafar dengizchi yaralandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Poroshenko Rossiya bilan keng miqyosli urush xavfi haqida ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid