Jahon | 10:26 / 28.11.2018
46583
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko Rossiya bilan keng miqyosli urush xavfi haqida ma'lum qildi 

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoning mahalliy telekanallarga bergan intervyusida ma'lum qilishicha, mamlakatga Rossiya bilan «keng miqyosli urush» xavf solmoqda. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Uning so‘zlariga ko‘ra, buni razvedka ma'lumotlari tasdiqlaydi, ularga muvofiq Rossiya harbiy texnikasi, shu jumladan, tanklari Ukraina chegaralariga  yaqin yerda joylasha boshladi.

«Shuning uchun, men hech kim buni o‘yinchoq, deb o‘ylashini xohlamayman. Mamlakat Rossiya bilan keng miqyosdagi urush xavfi ostida qolgan», - dedi Poroshenko.

Uning qayd etishicha, Ukrainaning o‘nta hududida harbiy holat joriy etilishiga ham aynan shu narsa sabab bo‘lgan.

Harbiy holat 26 noyabr kuni soat 14:00 (Toshkent vaqti bilan soat 17:00)dan joriy etildi hamda 30 kun davom etadi - 2018 yil 26 dekabr soat 14:00 (Toshkent vaqti bilan soat 17:00)gacha.

Shuningdek, Pyotr Poroshenkoning NBC telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, Kiyev Vashington ko‘magiga umid qilmoqda. Intervyudan ba'zi qismlar telekanal veb-saytida joylashtirildi.

Ukraina yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, armiya hujum yuz beradigan bo‘lsa, o‘z mamlakatini himoya qilishga tayyor. Biroq, shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, Kiyev Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishiga umid qilmoqda.

«Men Qo‘shma Shtatlardan umid qilmoqdaman. Men Qo‘shma Shtatlar xalqiga ishonaman», - deya ma'lum qildi Poroshenko.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Poroshenko Putinga Tramp orqali xabar yo‘llagani xabar qilingandi.

Mavzuga oid