Jahon | 18:43 / 02.12.2018
6796
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyadagi namoyishlar sababli turizm biznesi zarar ko‘rmoqda

17 noyabrda boshlangan "sariq nimchalilar" namoyishi sababli Parijdagi  mehmonxonalardagi buyurtmalarning bekor qilinishi 50%ga yetishi mumkin. Bu haqda mehmonxonalar, restoratorlar, qahvaxonalar va keytering kompaniyalar milliy kasaba uyushmasi rahbari Marsel Beneze BFMTV telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Benezening so‘zlariga ko‘ra, Fransiya mehmonxona-restoran biznesi jiddiy zarar ko‘rmoqda va "tiklanishi judayam qiyin bo‘ladi". Namoyishlarning salbiy oqibatlari Avinon, Monpele va Tuluza kabi yirik shaharlarda kuchliroq seziladi.

"Ko‘pchilik London, Germaniya yoki Ispaniyaga ketish uchun xonalarni muddatidan oldin bo‘shatmoqda", dedi Beneze.

"Sariq nimchalilar"ning shanba kuni bo‘lib o‘tgan namoyishlarida politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. Fransiya poytaxtida yuz bergan tartibsizliklar davomida 412 kishi qo‘lga olingan, ulardan 387 nafari haligacha hibsda saqlanmoqda. Namoyishlar davomida 133 kishi, jumladan, 23 harbiy jarohatlangan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid