Jahon | 09:28 / 02.12.2018
43457
2 daqiqa o‘qiladi

Putin harbiy bazada qo‘lga olinishi mumkinligiga shubha bildirdi

Foto: Mixail Mettsel/TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Gollivudda suratga olingan “Xanter Killer” jangari filmidagi voqealarning yuz berishi mumkinligiga shubha bildirdi.

Buenos-Ayresdagi “Katta yigirmatalik” sammitida muxbirlar Putinga filmning syujyetini qisqacha so‘zlab berishgan. Film syujyetiga ko‘ra, Rossiya mudofaa vaziri mamlakatda harbiy to‘ntaruv amalga oshirib, Zaxarin ismli prezidentni harbiy bazada garovga oladi, Rossiya prezidentini esa AQSh suv osti kemasi qo‘mondoni ozod etadi.   

“Bizning bazadami? Yuz berishi ehtimoli kam bo‘lgan ssenariy. Fantastik desa ham bo‘ladi. AQSh tomonidan Ukrainaga sovg‘a qilingan ikkita kichik kater Kerch bo‘g‘ozidan o‘ta olmadi-yu, siz bo‘lsangiz, atom suv osti kemasi bazamizga kirishini istayapsiz. Yomon film”, deb hazillashgan Putin.

Jyerard Batler va Geri Oldman ishtirokidagi “Xanter Killer” filmi Rossiya madaniyat vazirligidan prokat guvohnomasini ololmagani sababli, Rossiyada namoyishdan olingan. Vazirlik film namoyishiga guvohnoma bermagani sababini tushuntirishdan bosh tortgan. Shuningdek, 2018 yilda Rossiyada “Stalinning o‘limi” va “Yevropaning o‘g‘irlangan boyliklari” filmlarini namoyishga chiqarishga ruxsat berilmagan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid