Jahon | 23:18 / 05.12.2018
8939
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili Ukraina televideniyesida prezident saylovlariga bag‘ishlangan ko‘rsatuv olib boradi  

Foto: Reuters

Gruziyaning sobiq prezidenti, Ukrainaning “Yangi kuchlar harakati” yetakchisi Mixail Saakashivili 7 dekabrdan “Zik” (ZIK) ukrain telekanalida start oladigan “Jokerlar. Prezidentlikka yo‘l” deb nomlangan yangi dasturning boshlovchisi bo‘ladi.

“Jokerlar. Prezidentlikka yo‘l” – butun dunyo biladigan yangi boshlovchi bilan yangi mavsum. U – prezident, biroq saylovlarda ishtirok etmaydi. Ammo nomzodlar nimalarga qodirligi haqida so‘zlab beradi. Bu Mixail Saakashvili”, deb aytilgan telekanal xabarida.

Televideniyeda Saakashvili hozirda Niderlandiyada yashayotgani hisobga olinsa, ko‘rsatuv qanday yozilishiga aniqlik kiritilmagan.

Saakashvilining ta'kidlashicha, u “prezident qanday jihatlarga ega bo‘lishi kerakligini” biladi va “ukrainalik siyosatchilarni ko‘p yillardan beri” taniydi. Shu sababli u ukrainaliklarga prezident saylovlarida to‘g‘ri qaror qabul qilishda yordam beradi. 

Saakashvili 2004 yil yanvardan 2007 yil noyabrgacha va 2008 yil yanvardan 2013 yil noyabrgacha Gruziya prezidenti bo‘lgan. 2013 yil noyabrda o‘z vakolatlari tugashiga bir necha kun qolganda Gruziyani tark etgan. O‘shandan keyin AQSh va Ukrainada yashagan.

2015 yil may oyida unga Ukraina fuqaroligi berilgan. Biroq 2017 yil iyulda Ukraina prezidenti Saakashvilini fuqarolikdan mahrum etgan. 2018 yil fevralida Ukraina rahbariyati Saakashvilini Polshaga chiqarib yuborgan. Siyosatchi u yerdan  Niderlandiyaga jo‘nagan va u yerda yashash hamda ishlash huquqi bilan shaxsni tasdiqlovchi guvohnomani olgan. 

Hozircha Saakashvili yangi dasturni Niderlandiyadan olib borishi yoki Ukrainaga qaytishi noma'lumligicha qolmoqda.

Mavzuga oid