O‘zbekiston | 21:33 / 07.12.2018
19790
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zdavkarantin»: 120 ming tonna zararlangan qishloq xo‘jaligi mahsuloti va 10,5 million zararlangan ko‘chatning O‘zbekistonga kirishi oldi olindi

O‘tgan 11 oy davomida Markaziy karantin laboratoriyasiga import qilinayotgan mahsulotlardan 44 041 namuna ekspertizadan o‘tkazildi. 85 ta holatda 10 turdagi karantin zararli organizmlari aniqlanib, 120 ming tonna zararlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va 10,5 million dona zararlangan ko‘chatning hududga kirib kelishi oldi olindi. 7 dekabr kuni  «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan “Fitosanitar xavfsizlikni ta'minlash – mamlakat eksport salohiyatini oshirishning dolzarb omili” mavzusidagi matbuot anjumani doirasida shu haqida ma'lum qilindi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirni  «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi boshlig‘i I.K. Ergashev ochib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezidentning sohani rivojlantirishga qaratilgan 1 ta farmoni, 5 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 5 ta qarori qabul qilindi va 5 ta Nizom tasdiqlandi. Shu bilan birga, “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri taqdim etildi, 8 ta me'yoriy-huquqiy hujjatga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Tadbirda inspektorlarning ish samaradorligini oshirish maqsadida ularning moddiy-texnik ta'minoti tubdan yaxshilanayotgani ta'kidlandi. Korruptsion holatlarning oldini olish maqsadida xodimlarning ish haqi bir necha baravar oshirishga muvaffaq bo‘lingani aytildi. Shu o‘rinda inspektorlarning maxsus kiyim-bosh bilan ta'minlanayotgani qayd etilib, formalar namoyish etildi.

I.K.Ergashevning ta'kidlashicha, Prezident qarori bilan karantin inspektorlari uchun reyting tizimi tasdiqlandi. Endi inspektorlar sohadagi islohotlar haqida oyda bir marta ommaviy axborot vositalari orqali ma'lumot berishlari kerak bo‘ladi.

Shuningdek, 2019 yilda O‘zbekistonning har bir viloyatida zamonaviy karantin laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ta'kidlandi.

Tadbirda tez orada O‘zbekistonga Yaponiya va Koreya Respublikasining zamonaviy uskunalarini olib kirish, xizmatlarni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish rejalashtirilgani ta'kidlandi.

Bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda mahsulotlarni eksport va import qilish bo‘yicha talab etiladigan barcha sertifikatlar, karantin ruxsatnomalari xalqaro standartlarga moslashtirildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 120 ta o‘simliklar klinikalari tashkil qilingan.

Ilgari tadbirkorlardan 6 turdagi ariza talab qilingan bo‘lsa, bugunga kelib 100 foiz elektron shaklda ariza olish tizimi shakllantirildi.

Bundan tashqari, «O‘zdavkarantin» va «Rosselxoznadzor» vakillari O‘zbekistondagi o‘simlik mahsulotlarini Rossiyaga yetkazib berishda fitosanitariya nazorati bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga oid muzokaralar o‘tkazdi. Unga ko‘ra bojxona rasmiylashtiruvi va fitosanitar nazorat qilish tartibini tezlashtirish uchun tomonlar Rossiyaning 7 ta hududida, ya'ni Orenburg, Sverdlovsk, Novosibirsk, Chelyabinsk viloyati va Moskva viloyatining 3 ta hududida “Yashil yo‘lak” ochish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, 2018 yil boshidan shu kunga qadar O‘zbekistonga olib kirilayotgan 120 ming tonnadan ortiq import qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan 35 mingga yaqin namunalar olinib, 44 xil turdagi o‘simliklar karantinidagi xavfli zararli organizmlar aniqlandi va ularning mamlakat hududiga kirishi oldi olindi. Jami 536 holatda 29 turdagi zararli organizmlar aniqlandi va ular zararsizlantirildi yoki kelgan davlatga qaytarildi.

So‘nggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatning eksport salohiyati yaxshilanishiga erishildi. Jumladan, qator muzokaralardan keyin Xitoy va Janubiy Koreya karantin xizmatlari tomonidan bu davlatlarga gilos, mosh va boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun ruxsat berildi. Buning natijasida Xitoyga – 442 tonna gilos va 20 380 tonnadan ortiq mosh mahsulotlari, Janubiy Koreyaga – 1310 tonna gilos eksport qilindi.

Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi faoliyati uchun 9 dona “Damas VAN”, 33 ta “Damas” avtomobili, 25 dona xizmat va navbatchi avtomobillar, 15 ta ko‘chma laboratoriya mashinasi, 168 ta fumigatsiya kamerasi, 167 dona mototsikl, 158 ta dala sumkasi va 200 ta kompyuter jihozini xarid qilish rejalashtirilgan.

 

Mavzuga oid