O‘zbekiston | 10:43 / 18.12.2023
10723
2 daqiqa o‘qiladi

Agrosanoat majmui ustidan nazorat inspeksiyasining vakolatlariga o‘zgartirishlar kiritildi

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat boshqaruvi takomillashtirilganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ayrim NHHga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. 

Foto: Kun.uz

Ma’muriy islohotlar doirasida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi tizimidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashkiliy tuzilmasiga o‘tkazildi va uning vakolatlariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Prezident farmoniga muvofiq hukumatning ayrim hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:

  • Qishloq xo‘jaligi vazirligining tashkiliy tuzilmasidagi ijro etuvchi hokimiyat organlarining qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilishda, qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish, urug‘lik va ko‘chat materiallarini yetishtirish, qishloq xo‘jaligi,  melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
  • tuproqning unumdor qatlamlari ruxsatsiz olib tashlanishi, ko‘chirilishi va yo‘q qilinishini taqiqlash, yerlarning qishloq xo‘jaligi foydalanishidan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan samarali va oqilona foydalanish;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining urug‘lik va ko‘chat materiallari yetishtirilishi hamda ularning tejab sarflanishini tashkil etish;
  • import qilinayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘lik va ko‘chat-materiallarida geni modifikatsiyalangan organizmlarning (GMO) hamda xavfli yashirin virusli kasalliklarning mavjudligini aniqlash.

Vazirlar Mahkamasining «Paxta chigiti resurslaridan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish va ulardan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga, Vazirlar Mahkamasining «Paxta chigitini yetkazib berish va undan foydalanish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga, Vazirlar Mahkamasining «Ishlab chiqarilayotgan paxta moyi sifatini oshirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga va boshqalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Mavzuga oid