19:00 / 12.12.2018
28225

Kun.uz'da yangi loyiha - Tuproqning do‘sti. Baliqchi haqiqatlari

Oramizda shunday insonlar borki, ular butun hayotini mehnatga baxshida qilgan. Katta bir lavozim egasi bo‘lmasa-da o‘z amallari, qilayotgan ezgu ishlari orqali jamiyat rivojiga hissa qo‘shishga bor diqqatini qaratishgan. 

Ammo bunday insonlar doim ham diqqat markazimizda, jamiyat e'tiborida bo‘lavermasligi, goho ularning borligi-da yodimizdan ko‘tarilib ketishi mumkin. Biz nazarda tutayotgan ana shunday insonlar, kasb egalari qatorida qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

 Aynan qishloq xo‘jaligi sohasining zahmatkash insonlari, dehqon va fermerlarimiz sababli bugun ustimiz but, dasturxonlarimiz to‘kindir.

Kun.uz sayti o‘zining yangi, “Tuproqning do‘sti” loyihasi orqali sovuqni sovuq, issiqni-issiq demay mehnat qilayotgan va ana shunday zahmatli faoliyati natijasida dasturxonlarimiz to‘kinligi uchun mahsulot yetkazib berayotgan qishloq xo‘jalgi xodimlari bilan uchrashib, ularning insoniy kechinmalari, orzulari, ish jarayoni, shuningdek, sohani rivojlantirishdagi takliflarini yoritib borishga bel bog‘ladi.

Video: Youtube.com

Video: Tas-IX

 

Loyihamizning birinchi sonini Toshkent viloyati Chinoz tumanidan, baliqchilikka ixtisoslashgan “Usmonov Farhod fayz” fermer xo‘jaligi dalasidan tayyorladik. Loyihani tasvirga tushirish jarayonida fermer xo‘jaligi rahbari Farhod Usmonov bilan samimiy suhbat qurdik.

Farhod Usmonov o‘zining baliqchilikka asoslangan fermerlik faoliyatini 2008 yilda 2 ga li kichik ko‘l barpo etish orqali boshlagan. Deyarli 18 yildan buyon xo‘jalikda xalq dasturxoni uchun baliq maxsulotlarini yetishtirib kelmoqda. 

 

Baliqchi fermer Farhod Usmonov bilan qilgan suhbatimiz turli mavzularda, samimiy ruhda kechdi. Suhbat asnosida fermerlik, jumladan, baliq yetishtirish, bu sohaning o‘ziga xos mashaqqatlari, zavqli jihatlari, fermerning o‘y xayollari-yu orzu istaklari haqida bilib oldik. 

Suhbat yakunida fermerga kuch-quvvat, ezgu amallarida rivoj tilab xayrlashdik. Aytgancha, o‘tgan yildan boshlab O‘zbekistonda dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” sifatida nishonlanishi belgilangan. Loyiha orqali biz ham o‘z umrini xalq farovonligi uchun baxshida etayotgan barcha bobodehqonlarimizni kirib kelayotgan kasb bayrami bilan muborakbod etamiz.

Top