O‘zbekiston | 19:58 / 21.08.2023
7467
3 daqiqa o‘qiladi

Baliq yetishtirish uchun suv omborlari ijaraga beriladi 

Davlatga tegishli tabiiy va sun’iy suv havzalari (suv omborlari) tadbirkorlik sub’yektlariga E-auksion elektron savdo platformasida elektron onlayn auksion orqali ijaraga beriladi.

Prezidentning «Baliqchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv havzalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish hamda baliq ovlash va suv bo‘yi turizmi maskanlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

2023 yil 1 oktyabrdan boshlab quyidagilar tadbirkorlik sub’yektlariga E-auksion elektron savdo platformasida elektron onlayn auksion orqali ijaraga beriladi:

- davlatga tegishli tabiiy va sun’iy suv havzalari (suv omborlari) - baliqni sanoat usulida yetishtirish va ovlash uchun;

- suv omborlari hamda daryo atrofidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari - plyaj zonalarini tashkil etish, sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash, baliq ovi, qayiqda suzish va suv sayohati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, baliq mahsulotlari, shu jumladan baliq taomlari savdosi, umumiy ovqatlanish va boshqa turizm xizmatlarini tashkil etish hamda ushbu maqsadlarda yengil konstruksiyali qurilmalarni (o‘tov lagerlari majmuasi, konteynerlarni) joylashtirish uchun.

Talablar ijara shartnomalarining amal qilish muddati tugamagan suv omborlariga hamda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2024 yil 1 yanvardan «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga baliqchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi. Bunda Suv xo‘jaligi vazirligiga baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi oilalarni suv bilan ta’minlash choralarini ko‘rish topshirildi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

- 2023-2024 yillarda baliq ovlash va suv bo‘yi turizmi maskanlari tashkil etiladigan o‘rmon fondi yerlari ro‘yxati;

- 2023-2024 yillarda baliqni sanoat usulida yetishtirish, ovlash va suv bo‘yi turizmi maskanlari tashkil etiladigan suv omborlari ro‘yxati;

Quyidagilar belgilandi:

- 2024 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda baliq yetishtirishning prognoz parametrlari;

- 2024 yilda sun’iy suv havzalarini intensivlashtirish bo‘yicha prognoz parametrlar;

- 2024 yilda aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha prognoz parametrlar.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18 avgustdan kuchga kirdi.

Mavzuga oid