Sport | 15:40 / 13.12.2018
17744
9 daqiqa o‘qiladi

«Real»ning yakson etilishi. TsSKA turnirni mag‘rur tark etdi

Chempionlar ligasining G guruhida «Real»ni ikki marta mag‘lub etgan TsSKA oxir-oqibat hech vaqosiz qoldi. Parallel kechgan uchrashuvda «Viktoriya» «Roma» ustidan g‘alabaga erishdi va to‘plar nisbati yomon bo‘lsada, o‘zaro uchrashuvlarda moskvaliklardan ustunligi uchun Yevropa Ligasiga yo‘l oldi.

«Real» (Ispaniya) – TsSKA (Rossiya) – 0:3 (0:2) 
Gollar: Chalov, 37 (0:1). SHCHennikov, 43 (0:2). Sigurdsson, 73 (0:3).
«Real» (Ispaniya): Kurtua, Odriosola, Valexo, Sanches, Marselu (Karvaxal, 74), Isko, Lorente (Kroos, 58), Valverde, Asensio, Benzema (Beyl, 46), Vinisius Junior. 
TsSKA (Rossiya): Akinfeyev, Magnusson, Bekao, Nababkin, Mariu Fernandes, Vlashich, Bistrovich, Oblyakov (Kuchayev, 89), SHCHennikov, Chalov (Ernandes, 84), Sigurdsson (Nisimura, 90+4). 
Ogohlantirishlar: SHCHennikov, 78. Valverde, 90+3. 
Hakamlar: Diash. Soaresh, Tavaresh, Migel, Pineyru (barchasi - Portugaliya).
12 dekabr. Madrid. «Santyago Bernabeu». 51636 tomoshabin

Motivatsiya
Armiyachilar va madridliklar o‘rtasida oktabr oyida o‘tkazilgan guruhdagi birinchi uchrashuvda mezbonlar «Lujniki»da kichik hisobdagi g‘alabaga erishgandi (1:0). Bu g‘alaba evaziga TsSKA guruh peshqadamiga aylanib olgan va pley-offga chiqish uchun yaxshi imkoniyat hosil qilgandi. Ammo dekabr oyiga kelib «Santyago Bernabeu»dagi javob o‘yini arafasida moskvaliklar qatorasiga 3 mag‘lubiyat tufayli guruh autsayderiga aylanib qoldi.

Ammo mehmonlarda ishtiyoq yuqori edi: G‘alaba jamoa uchun Yevropa Ligasi yo‘llanmasini taqdim etadigandek edi. Buning uchun «Roma» Chexiyada «Viktoriya»ga yutqazmasligi talab etilardi.

Mostovoyning fikrlari
O‘yindan avval futbolchilik faoliyatining eng gullagan davrlarini Ispaniya chempionatida o‘tkazgan rossiyalik sobiq futbolchi, ayni vaqtda ekspert hisoblangan Aleksandr Mostovoy ispan nashrlariga shunday intervyu berdi: «Ruslar tavakkal qilishadi. Boshqa yo‘li yo‘q. «Real»ning o‘yinlari esa menda ko‘p shubhalarni paydo qilmoqda».

Vinisiusning fintlari

TsSKA rostdan ham tavakkalga qo‘l urdi. Ilk 20 daqiqalikda mezbonlar tashabbusni qo‘lda saqlab turishdi. «Qirollik klubi» o‘yinni chap qanotdan olib bordi, 18 yoshli futbolchisi Vinisius ko‘p marta o‘z fintlari bilan Nababkinning boshini aylantirdi. Braziliyalik futbolchining qanotdan uzatmalaridan birini Benzema golga aylantirishi mumkin bo‘lgandi, ammo Akinfeyev uning zarbasini ham, biroz vaqt o‘tib Asensio bergan zarbani ham bartaraf etdi.

Yana bir xavfli vaziyat Lorente hujumga qo‘shilganda ro‘y berdi. O‘yin hakami Vlashich Lorenteni yiqitdi, deb topdi va jarima zarbasi belgiladi. Isko jarimani ijro etdi, Shennikov esa pastdan kelishi mumkin bo‘lgan to‘pni to‘sish maqsadida jonli devor ortiga yotib oldi, zarba bartaraf etildi.

Asensioning vaziyatlari
«Real» safida eng faol futbolchi Asensio bo‘ldi. Santyago Solari kelgach, asosiy tarkibdan tushib qolgan futbolchi o‘ziga berilgan imkondan foydalanishga urindi. Uning yana bir xavfli zarbasini Akinveyev qaytardi, bir necha daqiqa o‘tib, Vinisius va Benzema hamkorligida uyushtirilgan hujumni yakunlagan zarba ham darvozabon qo‘liga borib tushdi.

Bittada urilgan gol
O‘yinning ikkinchi qismida mezbonlarning hujumlari tempi pasayib, TsSKA futbolchilari oldinga o‘ta boshladi. Bo‘lim oxirida Sigurdson Fedor Chalovni golli vaziyatga chiqardi, 21 yoshli hujumchi madridliklar himoyachisi Sanchesni bir urinishda yo‘ldan oldi va Kurtuaning olis burchagini aniq nishonga oldi.

Ikkinchi gol
O‘tkazilgan goldan g‘azablangan «Real» futbolchilari oldinga tashlanishdi, lekin ikkinchi golni o‘tkazib yuborishdi. Fernandes Marseloni dog‘da qoldirib, Chalovga pas berdi. Hujumchi esa to‘pni tovoni bilan Fernandesga qaytardi, Mariu oldinga borib, zarba berdi, ammo Kurtua to‘pni qaytardi, unga yetib kelgan Shennikov qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.

Tribunadagilar oq libosdagi futbolchilarni tanaffusga hushtakbozliklar bilan kuzatib qo‘yishdi.

Ikkinchi bo‘limda Solari o‘yinni qutqarib qolishga harakat qildi. Benzema o‘rniga Beyl, Lorente o‘rniga Kroos maydonga tashlandi. Ammo 64-daqiqada moskvaliklar himoyachisi Bekao Beylni qo‘pollik bilan yiqitdi, shundan keyin uelslik futbolchi oqsoqlangan holda o‘ynay boshladi. Madridliklarning raqib jarima maydoniga uzatgan to‘plari Magnusson tomonidan qaytarib yuborilaverdi.

Yirik hisob

TsSKAning uchinchi goli Ispaniya poytaxti stadionini jim qilib qo‘ydi. Endi «Santyago Bernabeu» o‘yinni qutqarib bo‘lmasligini anglab yetdi. Vlashich Sigurdssonni to‘p bilan ta'minladi va islandiyalik futbolchi Kurtuaning uzoq burchagini nishonga oldi. «Real» oxirgi marta shu yilning aprelida «Yuventus»dan 3 gol o‘tkazib yuborgandi, ammo o‘shanda bitta bo‘lsa ham javob goli urilgandi (1:3).

Armiyachilarning «Real» ustidan birinchi g‘alabasi tasodifga yo‘yilgandi. O‘shanda madridliklarning 3 zarbasi darvoza to‘siniga tegishi va qator xatolar TsSKA g‘alabasini ta'minlagandi. Ikkinchi muvaffaqiyat ham kutilmagan tarzda ro‘y berdi. Bu safar omadsiz Lopetegi emas, katta ishonch bildirilgan Solari mag‘lub etildi. Ammo bu g‘alaba moskvaliklarga yordam bera olmadi.

«Viktoriya» – «Roma» – 2:1
Gollar: Kovarjik, 62; Xori, 72 – Under, 68

Chexlar «Roma»ga qarshi o‘yindan oldin TsSKA maydonidan g‘alaba (2:1) bilan qaytgan va o‘z imkoniyatini yaxshilab olgandi. Yevropa arenasida ishtirok etishda davom etish uchun «Viktoriya» o‘z maydonida ham g‘alabaga erishishi talab etilardi. Pavl Vrba shogirdlari parallel o‘yinda «Real»ni yirik hisobda mag‘lub etayotgan moskvaliklardan yomon natija qayd etmaslikni uddalay olishdi.

Maydon egalari ilk daqiqalardanoq hujumda o‘ynashdi. Bo‘lim o‘rtalariga kelib, mehmonlar tashabbusni qo‘lga olishdi. 

Tanaffusdan keyin Klyuvert jarima maydoni tashqarisidan xavfli zarba yo‘lladi. Ammo to‘p yo‘liga himoyachilar to‘g‘anoq bo‘lishdi. Uning ortidan Nzonzida ham gol urish uchun imkoniyat bo‘ldi. Bu vaqtda «Real» TsSKAdan mag‘lub bo‘layotgan va chexlar o‘zlari uchun o‘zlari kurashishi lozim edi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalari yaqinlashganida mezbonlar faollikni oshirishdi. Proxazki va Chermakning zarbalari besamar ketdi, Kovarjikning zarbasini esa qaytarib bo‘lmasdi.  U yaqin masofadan turib darvozani ishg‘ol etdi. Ammo 6 daqiqa o‘tib Under hisobni tenglashtirdi. Bu durang hisob ham uzoq saqlanib qolmadi. «Viktoriya» qarshi hujum vaqtida darvozabondan qaytgan to‘pni Xori to‘rga baribir yo‘llashi evaziga hisobda oldinga chiqib oldi.

Mezbonlar ustunlikni o‘yin oxirigacha saqlab qolishdi.

 

Mavzuga oid