Jamiyat | 17:58 / 14.12.2018
33008
6 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiya zanjiri bankning tuman filialidan respublika boshqaruvigacha yetib bordi

Foto: Depositphotos

Hayotda o‘z nafsining izmidan chiqolmay, korrupsiya balosiga giriftor bo‘layotgan kimsalar hali-hanuz uchrab turibdi. 

Aktsiyadorlik-tijorat «Agrobank»ning So‘x tuman filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari Sherzod Hakimov, bankning Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Xayrulla Madrahimov, boshqarmaning tadbirkorlik sub'yektlarini kreditlash sho‘'basi mudiri Sobirjon Qo‘ziboyev va bank respublika boshqaruvining «Kreditlash departamenti» bosh mutaxassisi Otabek Yunusov (ism-familiyalar o‘zgartilgan)lar tomonidan sodir etilgan jinoyat shular jumlasidandir.

Sud majlisida aniqlanishicha, So‘x tumanidagi «Azamati Buzurg» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Isroil Alovuddinov tuman markazida foydalanilmay yotgan konserva sexi binosini sotib olgan.

Tadbirkorning maqsadi binoni to‘yxonaga aylantirib, shu orqali so‘xliklarning xursandchilik kunlariga sherik bo‘lish va yangi ish o‘rinlarini yaratish edi. Shu bois bu niyatini tuman hokimligiga ma'lum qiladi. Natijada tuman hokimligining yordami tufayli mazkur tashabbus 2018 yil davlat dasturiga kiritiladi. Davlat dasturiga muvofiq, I. Alovuddinov 700 million so‘mlik loyihaning 200 million so‘mini o‘z mablag‘i hisobidan, 500 million so‘mini esa, bank krediti evaziga amalga oshirishi lozim bo‘lgan. 

U 2018 yil fevral oyida 500 million so‘m miqdorida kredit ajratilishini so‘rab, «Agrobank»ning So‘x tuman filialiga murojaat qiladi. Shu bilan birga, kredit ajratilishi uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlarni ham taqdim etadi. Lekin oradan 3 oy o‘tsa hamki, kreditdan darak bo‘lmaydi. Aksincha, filial xodimlari turli vaj-korsonlar ko‘rsatishdan charchashmaydi. Oxir-oqibat I. Alovuddinov toqati toq bo‘lib, bank boshqaruvchisi o‘rinbosari Sh. Hakimovga uchrashadi.

— Nega jamiyatimizga kredit ajratmayapsizlar? — deb so‘raydi tadbirkor.

— Siz olayotgan kredit miqdori juda katta. Buning uchun to‘rt foizini bankimizning viloyat boshqarmasiga berishingiz kerak. Xohlasangiz, men gaplashib beraman, — deydi Sh. Hakimov.

Shundan so‘ng bank boshqaruvchisi o‘rinbosari I. Alovuddinovga «uzatiladigan» pulni 1 500 AQSh dollari tariqasida berishi zarurligini aytib, qayta-qayta qistayveradi.

— Ming dollarini oldindan, qolganini ish bitgandan keyin beraverasiz, — deydi u.

Albatta, bu talab mijozni qattiq ranjitadi. Negaki, I. Alovuddinov davlat dasturiga kiritilgan loyihalarga imtiyozli kreditlar berilishini yaxshi bilardi. Shuning uchun So‘x tuman prokurori nomiga ariza bilan murojaat qilib, Sh. Hakimovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘radi. Oqibatda bank filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari 2018 yil 31 may kuni Isroil Alovuddinovning xonadonida ming dollarni olayotgan vaqtda So‘x tuman prokuraturasi, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining viloyat boshqarmasi va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi. 

O‘tkazilgan tezkor tadbir mobaynida Sh. Hakimov 1 000 AQSh dollarini kreditni tezroq chiqartirib berish evaziga S. Qo‘ziboyevga kirakash haydovchilar orqali yetkazib berishi lozimligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini hamda jinoyatni ochishda faol yordam berishini bildirdi. Shunga ko‘ra, tezkor tadbir davom ettirildi. 

Natijada S. Qo‘ziboyev TATU Farg‘ona filiali binosi yonida So‘x tumanidan «yollanma haydovchi» B. Egamov orqali jo‘natib yuborilgan, kimyoviy ishlov berilgan 1 000 AQSh dollarini olayotgan paytda ushlandi.

O‘z navbatida, S. Qo‘ziboyev ham bu pullarni bankning viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Xayrullo Madrahimovga yetkazishi zarurligini va qilmishidan pushaymonligini bildirib, jinoyatni ochishda faol yordam berishini ma'lum qildi. Shu bois tezkor tadbir davom ettirilib, X. Madrahimov Farg‘ona shahridagi «Traktir» qahvaxonasi oldida S. Qo‘ziboyevdan 1 000 AQSh dollarini olib, 200 AQSh dollarini yonida saqlab turish uchun unga qaytarib bergan holda 800 AQSh dollarini cho‘ntagiga solgan vaqtda qo‘lga olindi. 

Biroq korrupsiya zanjiri shu bilan tugamadi. Chunki X. Madrahimov pullarni Farg‘onadan Toshkentga qatnaydigan kirakash haydovchilar orqali Otabek Yunusovga jo‘natib yuborishi kerakligini hamda qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi tufayli jinoyatni ochishda faol yordam ko‘rsatishini bildirdi.

Ma'lum bo‘lishicha, O. Yunusov davlat dasturiga kiritilgani sababli «Azamati Buzurg» mas'uliyati cheklangan jamiyat loyihasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, monopoliya va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi resurslari hisobidan kredit berilishidan xabar topib, kreditni ajratish masalasi uning 2-3 foizi evaziga hal bo‘lishini aytgan. Pirovardida u 2018 yil 1 iyun kuni "Agrobank" respublika boshqaruvi binosi yaqinidagi "Oltin markazi" yuvelir magazini yonida "yollanma haydovchi" D. Dodamatovdan kimyoviy ishlov berilgan 1 300 AQSh dollarini olayotgan paytda ushlandi.

Sh. Hakimov, S. Qo‘ziboyev, X. Madrahimov va O. Yunusovlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi "v"-bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudi aybdorlarni qonuniy jazoga mahkum etdi.

Farruh ABDURAIMOV, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumani sudining raisi.

Mavzuga oid