Jahon | 11:57 / 15.12.2018
8560
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xitoy tovarlariga bojlarni qachon oshirishi ma'lum bo‘ldi

Foto: Patrick T. Fallon

AQSh savdo vakilining ofisi Xitoy tovarlariga tarif stavkalarini 200 mlrd dollarga oshirish bo‘yicha rejalashtirilgan sanani rasmiy ravishda o‘zgartirdi. Bu haqda Reuters xabar qilmoqda.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, bojlarni 10 foizdan 20 foizga oshirish sanasi 1 yanvardan 2 martga kechiktirildi. Shu bilan birga, bojlar oshishi Xitoyning «texnologik» mahsulotlariga, jumladan, yarim o‘tkazgichlar, bosma platalar va boshqa elektron komponentlarga tegishli bo‘lmaydi, ularga hozirgi vaqtda 25 foizlik bojlar amal qilmoqda.

Ta'kidlanishicha, bu o‘zgarishlar AQSh Federal reyestriga kiritilgan.

Dekabr oyi boshida AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati Xitoy tovarlariga bojlar oshirilishini 90 kunga kechiktirish haqida qaror qabul qildi. Shunga qaramay, AQSh agar bu muddat ichida tomonlar muzokaralar va ikki tomonlama munosabatlarda jiddiy o‘zgarishga erishmasa hamda aniq harakatlar kuzatilmasa, bojlarni yana oshirishga va'da berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Xitoy tovarlariga bojlar bo‘yicha bir qarorga kelgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid