Kun.uz tahririyatiga Yangiyo‘l tumani U.Musayev QFY Tinchlik massivida o‘z fermer xo‘jaligini tashkil qilib faoliyat yuritib kelayotgan «Muzaffar Kamron Behzod» fermer xo‘jaligi rahbari Tursunov Xurshiddan murojaat kelib tushdi.
«Muzaffar Kamron Behzod» fermer xo‘jaligi g‘alla sabzavotchilikka asoslangan bo‘lib , 2015 yilda tashkil topgan. Hozirda jami 18,52 ga yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 16,57 ga sug‘oriladigan yerlar. 4 ga yer davlat zaxirasiga olingan. 9 ga yerga bug‘doy ekilgan. 3,57 ga yer paxta uchun tayyorlab qo‘yilgan ekan.
Murojaatni o‘rganish maqsadida Yangiyo‘l tumaniga otlandik. Muammo – massiv aholisining katta mashaqqatlar bilan dalaga ekilgan qulupnay ko‘chatlari sektor rahbari bo‘lgan tuman prokurorining topshirig‘i bilan buzib tashlanyapti.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
https://mover.uz/video/embed/3R8YKN1m/
«Muzaffar Kamron Behzod» fermer xo‘jaligi rahbari Tursunov Xurshid quyidagicha aytib o‘tdi:
“2015 yildan beri fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelaman. Yo‘nalishimiz – g‘alla sabzavotchilik. O‘tgan yili paxta aytildi, 2,5 gektar yerga yo‘nalishimiz bo‘lmasa ham paxta ekdik. Paxta rejasini ham g‘alla rejasini ham bajarganmiz. Bu yil 9 ga yerga g‘alla ekdik. Tuman qishloq xo‘jalik bo‘limi va tuman fermerlar uyushmasining ko‘rsatmasi bilan 3 gektarga paxta ekilishi mumkin degani uchun, 3 ga yerni paxta uchun ajratib qo‘yganman. Bemalol paxta ekishga yerimiz bor. Zaxiraga olingan yer ham mavjud. U yerga ham paxta ekish mumkin. O‘tgan yili zaxirada bo‘lsa ham, 1 ga yerga paxta ekkanman. Lekin tuman prokurori biz ekkan qulupnaylarni buzdirayapti. Ishchilarimizga, suvchilarimizga, nasoschilarimizga 10-12 sotixdan yer ajratib berganmiz. Oylik ish haqi berolmaymiz. Chunki paxta bilan bug‘doydan olingan daromad bunga yetmaydi. Shuning uchun ishchilarimizga oylik ish haqi o‘rniga dexqonchilik qilishlari uchun yer berganmiz. U yerlar paxta dalasi emas, bug‘doydan bo‘sh qolgan yerlar. Buzishga sabab qilib, bu yerlar paxta dalasi uchun ajratilgan yerlar deb aytishyapti. Biz tushuntiryapmiz paxta dalamiz turibdi-ku, ortiqcha yer ham bor, zaxiraga olingan. Bu yil paxtaniyam, g‘allaniyam bajarganman. Bankdan qarzim ham yo‘q. Faqat ishchilarimdan qarzman. Ishchilarim o‘sha joydan daromad oladi. Qulupnay ekishga ishchilarimiz bilan 50 mln sarflaganmiz. Kechasi qulupnaylarimiz traktorlar yordamida haydab tashlanyapti»




















