O‘zbekiston | 20:30 / 17.12.2018
15698
6 daqiqa o‘qiladi

Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Ushbu nizomga ko‘ra, shartnoma tuzish uchun ijarachi ijaraga beruvchiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

·        pasport;

·        transport vositasidan foydalanadigan shaxsning haydovchilik ryvohnomasi (milliy yoki xalqaro namunadagi);

·        tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi haqida ma'lumotnoma (ijaraga beruvchining ixtiyoriga ko‘ra);

·        garov depoziti kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat (ijaraga beruvchining ixtiyoriga ko‘ra).

Ijaraga beruvchi unga shaxsiy mulk sifatida yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida tegishli bo‘lgan, texnik soz, videoregistratorlar va GPS navigatorlar bilan jihozlangan hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tgan transport vositalarini qisqa muddatli ijaraga beradi.

Ijarara beruvchi shartnomada belgilangan shartlar asosida garov depozitini transport vositasining qisqa muddatli ijarasi davriga to‘lashni talab etishga haqlidir, bu garov depoziti transport vositasiga yetkazilgan va ijarachi tomonidan qoplashni talab etadigan zararni, yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun to‘lovlarni amalga oshirish kafolati sifatida xizmat qiladi.

Ijaraga beruvchi tomonidan moddiy e'tirozlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, shartnoma muddati tugagandan so‘ng garov depoziti miqdori ijarachiga qaytariladi.

Ijaraga beruvchi:

·        qisqa muddatli ijaraga berish uchun mo‘ljallangan transport vositalarini saqlash hamda texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun shaxsiy yoki ijaraga olingan binoga ega bo‘lishi;

·        ijarachini qisqa muddatga taqdim etayotgan transport vositasidan foydalanish qoidalari bilan tanishtirishi;

·        transport vositalarini belgilangan muddatda topshirish hamda qabul qilish dalolatnomasiga asosan texnik soz, yo‘l harakati qoidalari talablari va xavfsizlik talablariga muvofiq butlangan holatda taqdim etishi;

·        transport vositalaridan foydalanish davrida boshqa shaxslarning hayoti, sog‘ligi va (yoki) mulkiga zarar yetkazganlik uchun o‘zining fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashi shart.

Qisqa muddatli ijara muddati tugagandan so‘ng transport vositasi ijaraga beruvchi tomonidan topshirish va qabul qilish dalolatnomasi asosida qabul qilib olinadi.

Ijaraga beruvchi ijarachiga qisqa muddatli ijaraga beriladigan transport vositasini o‘z vaqtida taqdim etmagan holda, ijarachi ushbu transport vositasini talab qilishi va bajarish muddati kechikishidan kelib chiqadigan zararni qoplashni yoki shartnomani bekor qilishi hamda shartnomani bajarmaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.

Ijarachi:

·        qisqa muddatli ijaraga beriladigan transport vositasidan foydalanish qoidalari bilan tanishib chiqishi;

·        transport vositasidan faqat belgilangan maqsadda, boshqa shaxsga bermagan holda foydalanishi;

·        qisqa muddatli ijara muddati tugagandan so‘ng transport vositasini shartnoma va topshirish hamda qabul kilish dalolatnomasiga muvofiq texnik soz holatda qaytarishi;

·        ijaraga beruvchini transport vositasining egasi sifatida javobgarlikka tortish - ma'muriy huquqbuzarliklar sodir etilganligi, transport vositasidan foydalanish natijasida transport vositasiga, uchinchi shaxslar hayoti yoki sog‘ligiga zarar yetkazilganligi bilan bog‘liq ijaraga beruvchining barcha zarar (ziyon) va xarajatlarini qoplashi;

·        shartnoma tuzilgandan so‘ng ijara uchun to‘lovni amalga oshirishi shart.

Transport vositasiga zarar yetkazilsa va (yoki) ijaraga olingan transport vositasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan taqdirda:

·        ijarachi zudlik bilan ijaraga beruvchiga xabar qilishi lozim;

·        ijaraga beruvchi ijarachi tomonidan taqdim etiladigan ma'lumotlarning to‘liqligi va haqqoniyligi uchun javobgardir.

Ijaraga berilgan transport vositasiga zarar yetkazilganligi aniqlangan taqdirda, yetkazilgan zarar miqdori uni baholash yo‘li bilan belgilanadi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aybdor shaxslardan undiriladi.

Mavzuga oid