Jahon | 20:35 / 18.12.2018
20927
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Pashinyan bilan keskin ohangda borgan suhbatining tafsilotlarini oshkor qildi

Foto: armeniasputnik.am

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko rossiyalik jurnalistlar bilan Minskdagi uchrashuvda MDHning dekabr boshida Sankt-Peterburgda o‘tgan norasmiy sammitida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan borgan suhbati haqida so‘zlab berdi. Bu haqda “REGNUM” axborot agentligi xabar bermoqda.  

Lukashenkoning aytishicha, u Pashinyandan nima uchun u Belarusni Bokuga qurol yetkazib berishda tanqid qilishi, biroq Rossiya Ozarboyjonga qurol sotish hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallashi borasida sukut saqlashi haqida so‘ragan. 

“Men unga Putin oldida aytdim: Nikol, kel barchasiga oydinlik kiritib olaylik. Ozarboyjon bilan qurol savdosi bo‘yicha kim birinchi o‘rinni egallaydi? Kim? Javob: Rossiya. Unda nima uchun tilingni tiymoqdasan? Ayt unga, Vladimir Vladimirovichniyam tanqid qil. Qo‘rqasan-a?”, deb aytgan Lukashenko Pashinyanga.

Belarus prezidenti Pashinyanga Ozarboyjonga qurol sotish bo‘yicha 2-o‘rinni Isroil, 3-o‘rinni Turkiya egallashini, Belarus esa “Polonez”lar (Belarusda ishlab chiqariluvchi yalpi o‘t ochish tizimi) hisobga olinganda 4- yoki 5-o‘rinni egallashini eslatib qo‘ygan.

“Polonez”lar bo‘lmasa, 10-o‘rinda bo‘lamiz. Sen Belarusga hujum qilyapsan? O‘zgalar tushunishi uchun o‘zingnikiga hujum qilyapsanmi?”, deb qo‘shimcha qilgan Lukashenko.

Belarus yetakchisining bu bayonotiga javoban Pashinyanning matbuot kotibi Arman Yegoyan Pashinyan Vladimir Putin bilan muzokaralar davomida Rossiya qurolining Ozarboyjonga yetkazilishi muammosini muntazam ko‘targanini ta'kidlab o‘tgan.

“Afsuski, Lukashenko yopiq uchrashuvlar mazmunini ovoza qilishni davom ettirmoqda. Lukashenko navbatdagi marta aytganini ovoza qildi, ammo Armaniston bosh vaziridan qanday javoblar olganini aytmayapti”, deb izoh bergan Yegoyan.

Mavzuga oid