O‘zbekiston | 18:55 / 18.12.2018
5223
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari "Rosatom" Bosh direktori birinchi o‘rinbosari bilan uchrashdi

18 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spiker o‘rinbosari Boriy Alixonov, "O‘zatom" bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov va qator deputatlar "Rosatom" davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Lokshin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashishdi. Unda tinchlik maqsadlarida atom energetikasidan foydalanish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasining Novovoronej AESga tashrifi yakunlariga to‘xtalish bilan birga, tinchlik maqsadlaridagi atom energetikasini rivojlantirishga oid qonunchilik, normativ-huquqiy masalalar haqida so‘z yuritildi. 

Aleksandr Lokshin ayni damda dunyoning 12 mamlakatida 36 energoblokni qurayotgan "Rosatom" davlat korporatsiyasi faoliyati va tajribasiga doir ma'lumotlar bilan bo‘lishdi. U O‘zbekistonda qurilishi kutilayotgan energoblok "3+" avlodiga mansub bo‘lishi hamda xavfsizlik bo‘yicha barcha talablar, shuningdek Xalqaro atom energetikasi agentligining zamonaviy talablari va tavsiyalariga to‘liq javob berishini ta'kidladi. 

Uchrashuv davomida taklif etilayotgan Rossiya texnologiyasi zilzila, dovul, sunami, samolyot qulashi kabi hodisalardan himoyalangani qayd etildi. Energoblok ekspluatatsiya xavfsizligi va atrof-muhit muhofazasini ta'minlovchi ikki himoya qobig‘iga ega. Energoblokning xizmat muddati 60 yilni tashkil qiladi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan muhokamalar davomida AES uchun maydon tanlash, loyihalashtirish, qurish va kafolatli ekspluatatsiyasiga doir masalalarni huquqiy tartibga solishni ta'minlashga alohida e'tibor qaratildi. 

Ta'kidlanishicha, atom elektr stansiyasining ekspluatatsiya qilinishi yiliga 3,7 milliard kubometr tabiiy gazni tejash, issiqxona gazlarining atmosferaga chiqishini kamaytirish, jumladan, 14 million tonna karbonat dioksidi va 36 ming tonna azot dioksidining atmosferaga chiqishi oldini olish, aholini yangi ishchi o‘rinlari bilan ta'minlash (AES qurilishi davrida - 8000 dan ziyod, ekspluatatsiya davrida - 3000) imkonini beradi. 

Mavzuga oid