O‘zbekiston | 21:05 / 19.12.2018
15612
6 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlar qo‘mitasi ayollarni ishga joylashtirishda yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma'lum qildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ayollarga biznes boshlash yoki ishga joylashish uchun ko‘mak zarur bo‘lgan taqdirda, Qo‘mita doim yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor ekanligini ma'lum qildi. Buning uchun o‘zingiz yashayotgan hududning Xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘limiga murojaat qilish kerak bo‘ladi.

“Munosib ish o‘rinlari taqchilligi muammosiga — ham sifat, ham son nuqtai nazaridan — erkaklardan ko‘ra ayollar ko‘proq duch kelmoqda. Ayollarga ish topish qiyinroq. Ish beruvchilar ularni xushlamay ishga oladi, sababi - farzand tug‘ilishi va parvarishlashi uchun to‘lanadigan to‘lovlar natijasida ayollarning mehnati ularga qimmatga tushadi.

Bunday holat jamiyatda o‘rnashib kolgan ayrim me'yorlar sababli yuz beradi. 2017 yilda O‘zbekistonda Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, aholining 80 foizi oilada erkak kishi pul topishi kerak, ayol esa uy ishlari va farzandlar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi. 93 foizi aholi esa erkak kishi ishlamasa ham, ayol barcha uy ishlarini bajarishga majbur degan fikrni qo‘llab-quvvatlaydi.

Mehnat bozorida gender tengsizlikka yo‘l qo‘ymaslik va gender tenglikni ta'minlash - biz uchun eng asosiy vazifa”, - deb yozadi u.

Shu bilan birga, Norboyeva aholining teng yarmini tashkil etayotgan ayollar bandligini chegaralash O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojiga ham to‘sqinlik qilishini qayd etgan. Bosh vazir o‘rinbosari mazkur  soha alohida e'tibor va qator chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab qilishini ta'kidlaydi:

·      2019 yilda XMT ko‘magida ayollar mehnatiga haq to‘lashdagi gender uzilishlar, ayollar bandligi yuzasidan tadqiqot o‘tkaziladi. Bunday tahlil O‘zbekistonda hech qachon o‘tkazilmagan. Uning xulosalari gender tenglikni ilgari surish va ayollar bandligini ta'minlash siyosatini ishlab chiqishda inobatga olinadi.

·      Ayollar tadbirkorligi rivojlanishi qo‘llab-quvvatlanadi va bu ish davom ettiriladi. Hukumat bu yo‘nalish uchun katta mablag‘lar ajratmoqda. Faqat 2018 yilning o‘zida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 3 trln. 242 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari, xotin-qizlar va Oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan ayollarga 100 mlrd. so‘m miqdorda imtiyozli kreditlar ajratildi. Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan joylarda 2346 ta sex tashkil qilinib, hayotda qiyin vaziyatga tushib qolgan 16 ming nafar ayol ishga joylashtirildi.

“Biz hozirdanoq ayollarni o‘z biznesini tashkil qilish va uni yuritishga, tadbirkorlik faoliyatidagi asosiy ko‘nikmalarni hosil qilishga kirishganmiz. Masalan, bu yil 50 mingga yaqin ayol tikuvchilik, sartaroshlik ishi, pazandalik san'ati, turistik xizmatlar sohasida o‘qitildi. Aytish joizki, ushbu ijtimoiy dastur, ya'ni ayollarni o‘qitish bepul amalga oshiriladi. Qisqa muddatli kurslardan o‘tib, biznes-rejalar tuzilgandan keyin Xotin-qizlar qo‘mitasi tavsiyasi bilan Xalq banki va Mikrokreditbank ayollarga kredit beradi. Buning uchun tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni istagan ayollar tuman (shahar) Xotin-qizlar qo‘mitasida ro‘yxatdan o‘tishlari lozim.

Biroq, afsuski, bu ishlarning o‘zi yetarli emas. O‘zbekistonda ayni damda 280 mingga yaqin ishsiz ayol bor. Ayollar tadbirkorligi  oilaviy biznes, hunarmandchilik va tekstil klasterlari va boshqa sohalarda katta imkoniyatga ega”, - deyiladi manbada.

·      Kam ta'minlangan oilalar va jazoni o‘tash muassasalaridan qaytgan ayollarni ishga joylashtirish masalasiga alohida qaratiladi. Agar 2018 yilda maxsus manzilli dastur asosida 10 ming nafar kam ta'minlangan ayol ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 2019 yilda birinchi navbatda bandligi ta'minlanadigan 13 ming nafar ayolning ro‘yxati tuzilgan. Buning uchun hukumat darajasida dastur ishlab chiqilgan va aniq ish joylar yaratishga mablag‘lar ajratilgan.

·      2017 yilda ilk bor imkoniyati cheklangan ayollarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha dastur ishga tushirildi. 14 603 ayol bilan ish olib borilgan, shulardan 10 401 nafari kasanachi sifatida ish bilan ta'minlangan.

·      Jazoni o‘tash muassasalaridan qaytgan 632 nafar ayol Moslashtirish va ish bilan ta'minlash dasturi doirasida qamrab olindi. Bundan tashqari, IIV bilan hamkorlikda jazoni o‘tash muassasalarida maxsus dastur yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, sudlangan ayollarni ozodlikka chiqqanidan so‘ng ish bilan ta'minlash uchun kasbga o‘qita boshlangan.

“Fursatdan foydalanib, ayollarimizga biznes boshlashlari yoki ishga joylashishlari uchun ko‘mak zarur bo‘lsa, Xotin-qizlar qo‘mitasi doim yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor ekanligini ma'lum qilamiz. Manzil: hududiy Xotin-qizlar qo‘mitalari” – deb yozadi Tanzila Norboyeva.

 

Mavzuga oid