Jahon | 09:57 / 20.12.2018
10521
2 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmon mamlakat mudofaasini kuchaytirish va davlat chegaralarini mustahkamlash bo‘yicha topshiriq berdi

Foto: Avesta.Tj

19 dekabr kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon respublika xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda Tojikiston telegraf agentligi xabar bermoqda.

Yig‘ilishda xavfsizlik kengashi a'zolari, Oliy sud raisi, huquqni muhofaza qilish organlari, kuch tuzilmalari va boshqa mas'ul vazirlik hamda idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

I. Rahmon huquqni muhofaza qilish organlari va kuch tuzilmalarining davlat hamda xalq xavfsizligi, qonun ustuvorligi, jamoat tartibi, jinoyatchilikka qarshi kurashni ta'minlashdagi faoliyati yakunlarini sarhisob qilib, ushbu yo‘nalishdagi mavjud kamchiliklarni ta'kidladi.

Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida mamlakat kuch mahkamalari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Foto: Avesta.Tj

Prezidentning qayd etishicha, zamonaviy dunyodagi hozirgi holat, terrorizm, diniy va siyosiy ekstremizmning tobora o‘sib borayotgan tahdidi huquqni muhofaza qilish organlari hamda kuch tuzilmalari rahbariyatidan ogohlik, halollik, vatanparvarlik va o‘z vatani hamda xalqi oldidagi xizmat vazifasini bajarishda yuqori mas'uliyat talab qiladi.

Tojikiston rahbari, shuningdek, davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, davlat chegaralarini mustahkamlash, qurolli kuchlar tayyorgarligini oshirish, moddiy-texnika ta'minotini takomillashtirish, tartib-intizomni yaxshilashga doir ko‘rsatmalar berdi.

Huquqni muhofaza qilish organlari va kuch tuzilmalari rahbariyatiga mavjud kamchiliklarni aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.

Mavzuga oid