O‘zbekiston | 18:33 / 20.12.2018
4182
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston – XXR: Davlat xizmatchilarining malakasini oshirishga doir hamkorlik natijalari sarhisob qilindi

19 dekabr kuni Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) va Xitoy Xalq Respublikasi (XXR)ning mamlakatimizdagi elchixonasi savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi devonxonasi vakillari XXR tomonidan O‘zbekiston davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari xodimlari uchun 2018 yilda seminar va treninglar tashkil etish yo‘nalishidagi hamkorlik natijalarini sarhisob qilishdi. LBMAning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi shu haqida xabar berdi.

Bu kabi seminarlarda respublikaning turli vazirlik va idoralarning 1400 nafar xodimi ishtirok etdi.

Tadbir jarayonida Agentlikning o‘quv jarayoni samaradorligini oshirishdagi samarali faoliyati, xususan ma'lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va umumlashtirish natijasida 200 dan ziyod eng dolzarb va talabgor o‘quv kurslarining yo‘nalishlari aniqlangani e'tirof etildi.

Yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar Xitoy tomoniga tegishli mavzular bo‘yicha seminarlar tashkil etish uchun topshirildi.

XXRning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan o‘z ma'ruzasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning jadal rivojlanayotgani, joriy yilda o‘zaro tovar yetkazib berish hajmi 5 mlrd. AQSh dollaridan oshganligini ta'kidladi.

Elchi ikkala davlatlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlayotgan bunday seminarlarni tashkil etish juda muhim ekanini qayd etdi.

LBMA direktorining o‘rinbosari Azim Ahmadxo‘jayev XXR elchixonasi va savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha devonxona rahbariyati nomidan XXR hukumatiga inson kapitalini rivojlantirish va milliy kadrlarni tayyorlashga qo‘shayotgan hissasi uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Mavzuga oid