«Robototexnika» atamasi haqida eshitganmisiz? Bu – robotlarni yasash, dasturlash, muhandislik yo‘nalishlarini o‘rgatuvchi soha bo‘lib, O‘zbekiston uchun «neotushuncha» hisoblanadi. Robototexnikani o‘rgatuvchi maktablar bor. U yerda bolalarga chuqur bilim beriladi, lekin faqat poytaxtlik bolalar uchun. Sekin-astalik bilan bo‘lsada, O‘zbekistonga ham robototexnika kirib kelyapti va yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun ilk poydevor qo‘yilmoqda. Sizningcha, axborot texnologiyalarini rivojlantirish faqat mablag‘ masalasi bilan bog‘liqmi? Kun.uz suhbatdoshi Davronbek Toshpo‘latov bir necha yillardan beri bolalarga robototexnikani o‘rgatib keladi. Uning fikricha, rivojlanishning asosiy yo‘li barcha sohalarni axborotlashtirishdir. O‘zbekiston sharoitida buning iloji bormi? Dasturchi bu borada o‘z takliflarini berdi va sohadagi o‘tkir muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekistonda axborot texnologiyalarini rivojlantirish faqat mablag‘ masalasi bilan bog‘liqmi?

— Yo‘q, albatta. Biz sohalar rivojini katta valyuta orqali ko‘ramiz. Ammo boshqa faktorlar ham borki, ularni inobatga olmaslikning iloji yo‘q. Eng katta xatomiz - innovativ g‘oyalarni qanday tatbiq qilishni bilmasligimizda. Axborot texnologiyalaridan O‘zbekiston iqtisodiyoti misli ko‘rilmagan foyda olishi mumkinligini o‘tgan davrni qo‘msovchi ayrim hukumat organlari hali ham tushunib yetishmagan.

— Yuqori texnologiyalashgan jamiyatni qurish uchun qanday maqbul yo‘l tanlanishi kerak?

— Bolalarga erta yoshdanoq robototexnika sirlarini o‘rgatish kerak. Maktab darsliklariga fan sifatida kiritilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda jahonda tan olingan STEM (science, technology, engineering, mathematics) fanlariga ixtisoslashgan maktablarni tashkil qilib, u yerda nazariya va amaliyot to‘g‘ri tashkil qilinishi kerak, ya'ni 70 foiz amaliyot bo‘lsa, qolgani nazariyadan iborat bo‘lishi kifoya qiladi. Shu orqali o‘quvchilarga dasturlash, konstruktorlik, muhandislik bilimlarini chuqurroq o‘rgatamiz. Natijada, bo‘lajak dasturchi, ixtirochi kadrlarni mahalliy sharoitda yetishtirish imkoniyatimiz oz bo‘lsa-da, ko‘payadi.

— Mahalliy sharoitda yetarlicha imkoniyat mavjud, deb o‘ylaysizmi? Buni xomxayol deb o‘ylayotganlar ham bor.

— Aksincha, bizning imkoniyatlarimiz boshqalarnikidan ancha yuqori. O‘zbek yoshlari aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda oliy o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelishadi. Dunyo reytingida ularning salmog‘i ancha yuqori.