23:24 / 21.12.2018
25320

Forbes yil davomida eng ko‘p pul yo‘qotgan va topgan milliarderlar ro‘yxatini tuzdi

Foto: Forbes

Forbes bir yil ichida eng ko‘p mablag‘ yo‘qotgan va eng ko‘p daromad olgan milliarderlar reytingini tuzdi

Eng ko‘p mablag‘ yo‘qotgan milliarderlar reytingida Mark Tsukerberg yetakchilik qilmoqda. Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, Facebook asoschisi 2018 yilda 18,7 mlrd dollar yo‘qotgan. Bunga kompaniyada ma'lumotlar sizib chiqishi bilan bog‘liq mojarolar sabab bo‘lgan.

2-o‘rinni Inditex egasi Amansio Ortega egallagan. Uning kompaniyasiga Zara, Oysho, Massimo Dutti, Bershka, Pull and Bear brendlari tegishli. Chakana savdo o‘sishi sekinlashishi oqibatida Inditex aksiyalari arzonlashgan. Oqibatda Ortega bir yil ichida 16,2 mlrd dollar yo‘qotgan.  

Yetakchi o‘ntalikdan podshipniklar ishlab chiqaruvchi Schaeffler kompaniyasi asosiy aksiyadori Georg Sheffler (-14 mlrd dollar), Tencent internet-kompaniyasi asoschisi Ma Xuaten (-10,1 mlrd dollar), Meksikaning eng boy odami va America Movil kompaniyasi egasi Karlos Slim Elu (-9,3 mlrd dollar), Anheuser-Busch InBev’ning asosiy aksiyadori Jorjye Paolo Lemann (-9,2 mlrd dollar), TCC Group raisi Charoyen Sirivadxanabxakdi (-7,24 mlrd dollar), Makaodagi ikkita kazino egasi Pollianna Chu (-7,2 mlrd dollar), S.F.Holding’ning asosiy egasi Van Vey (-6,7 mlrd dollar) va Lens Technology asoschisi Chjou Tsyunfey (-6,3 mlrd dollar) joy olgan.

Nashr talqiniga ko‘ra, 2018 yilda eng ko‘p daromad olgan kishi Amazon asoschisi Jyeff Bezos bo‘ldi. Nashrning hisoblashicha, uning boyligi yil davomida 27,9 mlrd dollarga ko‘paygan. 2-o‘rinni Yaponiyaning eng badavlat odami, Fast Retailing asoschisi va prezidenti Tadasi Yanai 7 mlrd dollar bilan egalladi. 3-, 4- va 6-o‘rinlarni rossiyalik milliarderlar Vagit Alekperov (+4,6 mlrd dollar), Leonid Mixelson (+4 mlrd dollar) va Gennadiy Timchenko (3,8 mlrd dollar) egallagan. 

Reytingning 4-o‘rnini amerikalik mediamagnat Rupert Merdok 4,6 mlrd dollarlik o‘sish bilan egallagan. 7-o‘rinni Microsoft’ning sobiq bosh direktori Stiv Balmer (+3,4 mlrd dollar), 8-o‘rinni hindistonlik biznesmen Mukesh Ambani (+3 mlrd dollar), 9-o‘rinni Microsoft asoschisi Bill Geyts (+2,9 mlrd dollar) va oxirgi 10-o‘rinni Elon Mask (+2,8 mlrd dollar) egallagan. 

Mavzuga oid
Top