O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Xotin-qizlar qo‘mitasi hisobot konferensiyasi doirasida barcha vazirlik va idoralar rahbarlariga rahbarlik lavozimlariga ayollarni tayyorlash strategiyasini ishlab chiqish vazifasini topshirdi. Tadbirda qatnashgan Kun.uz muxbiri shu haqida xabar berdi.

“Vazirliklar rahbar lavozimlariga nomzodlarni taklif etadi, biroq ro‘yxatda 10 nafardan 1 tasigina ayol kishi bo‘ladi yoki umuman yo‘q. Rahbar kadrlar orasida xotin-qizlar ulushining ortishi yosh kadr sifatida yetishib kelayotgan qizlarimizga ham yaxshi o‘rnak vazifasini bajaradi, rahbar ayollarni ko‘rgach, ularda ham shunday bo‘lishga xohish va ishtiyoq paydo bo‘ladi. Albatta, oilada qiz bola tug‘ilsa, birinchi navbatda uni oilaga tayyorlashga e'tibor qaratamiz. To‘g‘ri, u kelin, ona bo‘lishi, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerak, lekin biz uning orzu-havaslariga yetishishiga, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga, yetuk kadr bo‘lib yetishishiga ko‘maklashishimiz kerak emasmi?!“, - deydi Bosh vazir.

Shu o‘rinda faol ayollardan birining nikoh yoshini qiz bolalar uchun ham, o‘g‘il bolalar uchun ham 18 yosh etib belgilashga oid taklifiga e'tibor qaratildi va buning to‘g‘ri taklif ekani, bu masala tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilishi qayd etildi.

Har bir vazirlik va idoralar rahbarlariga tizimda ishlayotgan tashabbuskor xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash bo‘yicha o‘z strategiyalarini ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Bunda har bir tashkilotda rahbar lavozimlaridagi xotin-qizlarning ulushi 30 foizdan kam bo‘lmasligini ta'minlashga doir choralarni belgilab olish lozim.

“Xalqaro tajribaga nazar tashlasak, Daniya, Norvegiya va boshqa mamlakatlarda rahbarlarning uchdan bir qismi, Shvetsiyada ularning yarmidan ko‘pini ayollar tashkil qilar ekan. O‘zbekiston hozir rahbar ayollar soni bo‘yicha 130-o‘rinda, vaholanki Belarus - 30, Qozog‘iston - 59, Tojikiston - 106-o‘rinda. Bu Prezidentimiz yuritayotgan siyosatga, ularning qo‘yayotgan talablariga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun respublikamizda ayollar faolligini oshirish bo‘yicha olib borayotgan ishlarni yanada kuchaytirish zarur“, - deya ta'kidladi Abdulla Aripov.

Bundan avval Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva ham o‘z hisobotida ayol rahbarlarning kamligi masalasiga e'tibor qaratgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2014 yilgi Parlament saylovlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 24 nafar, Oliy Majlis Senatiga 10 nafar xotin-qizlar saylangan. Shu bilan birga, 1 400 nafarga yaqin xotin-qiz turli sohalarda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.