21.12.2018 yildagi “Qishloq xo‘jaligida ekin maydonlaridan samarali foydalanish mexanizmi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘RQ-506-son Qonun e'lon qilindi.
 
Norma’ning yozishicha, hujjat  bilan Yer va Soliq kodekslariga, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida», «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida» va «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunlarga tuzatishlar kiritildi.
 
Birinchidan, fuqarolar yig‘inlarining qishloq xo‘jaligi sohasidagi vakolatlari kengaytirildi. Ilgari “mahalla”ni faqat yerlarni muhofaza qilishga, ya'ni ularni buzilishining oldini olishga jalb qilishar edi. Endi o‘zini o‘zi boshqarish organlari ekin maydonlaridan samarali foydalanilishini jamoatchilik nazorati tartibida kuzatadilar.
 
Masalan, fuqarolar yig‘ini kengashi o‘z hududida har bir  dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa yer egasi uchun yetishtiriladigan mahsulotning prognoz hajmlarini belgilash huquqiga ega bo‘ldi. Ilgari bu faqat Vazirlar Mahkamasining 18.03.2018 yildagi 205-son qarorida nazarda tutilgan edi.
 
Eslatib o‘tamiz, barcha mahallalar uchun “reja” ishchi guruh tomonidan ishlab chiqiladi, hokim va xalq deputatlari kengashi esa tasdiqlaydi.  O‘zini o‘zi boshqarish organi dehqonlar va tomorqa yer egalari o‘rtasida hajmlarni taqsimlaydi. Bunda prognoz ko‘rsatkichlarning bajarilmasligi:
 
• yakka tartibdagi uy-joy qurilishi hamda uy-joyni obodonlashtirish maqsadida berilgan yer uchastkalaridan 3 barobar yer solig‘i;
• uy-joy qurish huquqisiz berilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.
 
Ikkinchidan, dehqon xo‘jaligi uchun yerni hali oila qurmagan va qishloq joylarda 3 yil mobaynida yashamagan yosh fuqarolarga berishga ruxsat etildi. Bunday talabgorlardan tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashining birgalikda berilgan tavsiyasi talab etiladi. Bu qoida bilvosita jahonda ommaboplik kasb etayotgan shahardan qishloqqa ko‘chib o‘tish («daunshifting») uchun sharoit yaratadi.