O‘zbekiston | 23:44 / 27.12.2018
4175
3 daqiqa o‘qiladi

Paxta ishlab chiqaruvchilarga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun subsidiya taqdim etiladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish tizimini keng joriy qilish uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror matnida 2018 yilda “Ishtixon Nurli Davr” (Ishtixon tumani) va “Maroqand Klaster” (Narpay tumani) fermer xo‘jaliklari hamda “PengSheng” o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasi (Sirdaryo tumani) tomonidan 200 gektardan ortiq maydonda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu maydonlarda suvni ikki martagacha tejalishi bilan birga, bir gektar maydondan 40–45 sentnergacha, respublika bo‘yicha o‘rtacha hosildorlikdan 1,5–1,7 marta yuqori ko‘rsatkichga erishish imkonini berganligi ma'lum qilingan.

Prezident qarori bilan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan holda paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilar, shuningdek tomchilatib sug‘orish tizimini va uning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi belgilanmoqda va unga asosan:

a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilarning tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilishga paxta xomashyosi ekiladigan bir gektarga 8 mln so‘m subsidiya taqdim etiladi;

b) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat fondi mablag‘lari hisobidan bir gektarga 20 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan narxda tomchilatib sug‘orish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchilarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasidan 10 foiz punkt miqdorida foiz xarajatlari qoplanadi;

v) byudjyet mablag‘larini oluvchilar bilan tuziladigan import shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olish talabi paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilari tomonidan tomchilatib sug‘orish texnologiyani joriy qilish bo‘yicha ishlari doirasida tuziladigan import shartnomalariga qo‘llanilmaydi;

g) paxta xomashyosini mahalliy ishlab chiqaruvchilari tomonidan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun kerak bo‘ladigan butlovchi buyumlar va xomashyo 2021 yilning 1 yanvariga qadar bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilinadi.

Mavzuga oid