Jahon | 23:12 / 30.12.2018
11110
2 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In Janubiy Koreya yetakchisiga ko‘proq sammitlar o‘tkazishni taklif qildi

Foto: Pyongyang Press Corps Pool / AP

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In janubiy koreyalik hamkasbi Mun Chje Inga maktub yo‘lladi. Kim Chen In maktubda Janubiy Koreya rahbariga keyingi yilda ko‘proq birgalikdagi sammitlar o‘tkazishni taklif qilgan. Kim Chen In shu yo‘l bilan Koreya yarimorolini yadroviysizlash bo‘yicha maqsadga tezroq erishish mumkinligiga umid bildirgan.  

Shimoliy Koreya yetakchisi, shuningdek, mintaqada “tinchlik va farovonlikka erishish va saqlash” bo‘yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni davom ettirishga chaqirgan.  

Poyoniga yetgan joriy yilda ikki davlat yetakchisi bir necha yillik qarama-qarshiliklardan keyin uchta sammit o‘tkazdi. Kim Chen In o‘z maktubi bilan davlatlar o‘rtasidagi keskinlik kamayganini ta'kidlab o‘tgan va joriy yilda Seulga bora olmaganidan afsus bildirgan. Shimoliy Koreya rahbarining ta'kidlashicha, yaqin orada u albatta Janubiy Koreya poytaxtiga boradi.

Ta'kidlanishicha, Kim Chen Inning maktubi uning shimoliy koreyaliklarga Yangi yil murojaatidan bir necha kun avval kelgan. Shimoliy Koreya yetakchilari an'anaga ko‘ra bu murojaatdan muhim siyosiy qaror va maqsadlarni e'lon qilishda foydalanishadi.

Mavzuga oid