Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi ishlari davom etmoqda
«Toshkent-Sharqiy» aerodromi bazasida fuqarolik (xizmat) aviatsiyasi zamonaviy aeroport majmuasini qurish ishlari davom etmoqda, deb xabar bermoqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.
Loyihaga ko‘ra, aeroport 2ta terminaldan iborat bo‘ladi. Dastlabki terminal davlat rahbarlari va rasmiy delegatsiyalarni kutib olish uchun mo‘ljallangan. Bir vaqtning o‘zida 250 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladigan navbatdagi terminal yo‘lovchilar bilan birga ishbilarmon va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, havo kompleksida zamonaviy yuk terminali faoliyati tashkillashtiriladi.
Aeroport barcha turdagi havo kemalarini, shu qatorda Airbus A380 samolyotini kutib oladi va ularga xizmat ko‘rsatadi. Har birining uzunligi 4 ming metrni tashkil etuvchi ikkita uchish-qo‘nish yo‘laklari parvozlar xavfsizligini ta'minlashni hisobga olgan holda xalqaro talablarga javob beradigan tarzda qurilmoqda.
Loyihada havo kemalarini turli noqulay ob-havo sharoitlarda ham uchish va qo‘nishini ta'minlovchi IKAO III toifasiga mansub zamonaviy yorug‘lik signali, radiotexnik va meteorologik asbob-uskunalar bilan jihozlash ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunga kelib birinchi uchish-qo‘nish yo‘lida 17 ming kubometr beton quyish ishlari amalga oshirildi. Ikkinchi yo‘lning qurilishida 125 ming kubometr tuproq ishlari bajarilgan. Qurilish-montaj ishlariga 300 dan ortiq maxsus texnikalar jalb qilingan hamda 200 nafardan ziyod yuqori tajribali mutaxassislar va ishchilar mehnat qilmoqda.
Yaqin kunlarda yangi aeroport majmuasida ma'muriyat, “ketring”, transformator nimstansiyalar binolari hamda yoqilg‘i quyish kompleksi va aeroportning bir maromda faoliyat yuritishiga xizmat qiluvchi boshqa obektlar qad rostlaydi.
Loyihaning birinchi bosqichini 2020 yilda yakunlash rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur inshootni qurish vazifasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga yuklatilgan.
Mavzuga oid
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024