Jahon | 20:13 / 03.01.2019
10428
2 daqiqa o‘qiladi

Magnitogorskdagi fojiada halok bo‘lganlarni qidirish ishlari yakunlandi

Magnitogorskda gaz portlashidan qulagan ko‘p qavatli turar joy binosining vayronalari ostidan 39-kishining jasadi chiqarib olindi. Bu haqda Rossiya favqulodda vaziyat vaziri o‘rinbosari Aleksandr Chupriyan ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, vayronalar ostida boshqa hech kim qolmagan. 

“Yarim soat avval oxirgi jasadni chiqarib oldik. Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi yakunlandi”, deb ma'lum qilgan Chupriyan.

Avvalroq Toshkent vaqti bilan soat 18:00da uy vayronalari ostidan bir ayolning jasadi chiqarib olingani ma'lum qilingan. Ayol fojianing 39-qurboni bo‘lgan.

Ayni vaqtda 38 jasadning shaxsi o‘rnatilgan. Dastlab vayronalar ostida 41 kishi qolgan bo‘lishi mumkinligi ta'kidlangan edi.

Chupriyanning aytishicha, buyog‘iga voqea joyida muhandislik-qurilish ishlari olib boriladi.

Rossiya tergov qo‘mitasi voqea yuzasidan “Ehtiyotsizlik tufayli 2 va undan ortiq kishining o‘limiga olib kelish” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Voqeaning asosiy sababi sifatida maishiy gaz portlashi taxmin qilinmoqda. Voqea joyida portlovchi moddalar izlari aniqlanmagan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid